logo
connect
Oʼzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi
FAQ

Yangiliklar

foto

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi O‘zbekiston Respublikasining IOSCO dagi mandatini o‘z zimmasiga oldi

20.06.2024
1510

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligidan Qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha komissiyalar xalqaro tashkilotiga (IOSCO) a’zolikni qabul qildi.

Ma’lumot uchun: IOSCO qimmatli qog‘ozlar bozorining global regulyatorlarini birlashtirgan xalqaro organ bo‘lib, qimmatli qog‘ozlar va kripto-aktivlar sohasida xalqaro standartlarning tan olingan ishlab chiquvchisidir. Tashkilot 1983 yil aprel oyida tashkil etilgan va uning bosh qarorgohi Madridda joylashgan. IOSCO a’zolari (jami 234 ta) jahon qimmatli qog‘ozlar bozorlarining 95% dan ortig‘ini tartibga soladi va 130 dan ortiq mamlakat va yurisdiksiyalarni ifodalaydi. 

IOSCO ga a’zo bo‘lish Agentlik uchun tajriba almashish, mamlakatimiz moliya tizimini rivojlantirishga xizmat qiluvchi standartlar va tavsiyalarni ishlab chiqish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Agentlik IOSCO ning 1) tartibga soluvchi organ, 2) o‘zini-o‘zi tartibga soluvchi tashkilotlar, 3) qimmatli qog‘ozlarni tartibga solishni ta’minlash, 4) tartibga solish sohasida hamkorlik, 5) emitentlarni tartibga solish, 6) auditorlar, kredit-reyting agentliklari va boshqalar axborot xizmatlari provayderlari, 7) jamoaviy investitsiya sxemalari (investitsiya fondlari), 8) bozor vositachilarining faoliyati, 9) ikkilamchi va boshqa bozorlar, 10) kliring va hisob-kitoblarga aloqador 38 ta tamoyillarini joriy etish bo‘yicha ish olib bormoqda.

Ta’kidlash joizki, “Kapital bozori to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqishda ushbu tamoyillarning barchasi inobatga olingan.