O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.

Astana Finance Days 2026 doirasida Moliyaviy xizmatlarni tartibga solish bo‘yicha AXMM qo‘mitasi (AFSA) tomonidan tashkil etilgan "Fragmentatsiyadan integratsiyaga: moliya bozorlarini mustahkamlash uchun mintaqaviy hamkorlik" mavzusida yuqori darajadagi davra suhbati bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbirda Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Gruziyaning moliyaviy regulyatorlari hamda bozor ishtirokchilari, shuningdek, xalqaro moliyaviy tashkilotlar va taraqqiyot institutlari vakillari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) nomidan Sug‘urta bozorini tartibga solish boshqarmasi boshlig‘i Hasanov Ulug‘bek Farhod o‘g‘li qatnashmoqda.
O‘z ma’ruzasida u O‘zbekiston kapital bozorini rivojlantirishning asosiy natijalari, amalga oshirilayotgan tartibga solish islohotlari hamda mintaqaviy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini taqdim etdi.

2026 yil 1 iyul holatiga ko‘ra O‘zbekiston kapital bozorining umumiy kapitallashuvi 35,7 mlrd dollarga yetdi va bir yilda 76,3% ga oshdi. Qimmatli qog‘ozlar chiqarilishi hajmi 23,1 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, korporativ obligatsiyalar chiqarilishi 129,3% ga oshib, 587 mln dollarga yetdi. Korporativ obligatsiyalarga egalik qiluvchi chakana investorlar soni esa 131,5% ga ko‘paydi.
Ichki va xalqaro bozorlarni integratsiyalashning muhim misollaridan biri UzNIF Milliy investitsiya fondining London va Toshkent birjalaridan ikkilamchi listingi bo‘ldi. Joylashtirish natijasida 603,6 mln dollar jalb etildi, investorlar tomonidan bildirilgan talab hajmi esa 2,8 mlrd dollarni tashkil qildi.
Ma’ruzada tartibga solish muhitini takomillashtirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, "Tartibga solish qumdoni" mexanizmi yangi moliyaviy instrumentlar va biznes modellarini bozorda keng joriy etishdan oldin sinovdan o‘tkazish imkonini beradi. 2026 yilning birinchi yarmida kapital bozori sohasidagi "Tartibga solish qumdoni"ga oltita yangi ishtirokchi qo‘shildi, pilot loyihalar natijalari esa 14 ta normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqishda inobatga olindi.

Yana bir muhim yo‘nalish – investorlarni himoya qilish samaradorligini oshirish. Axborotlarni oshkor qilishni monitoring qilish tizimi ishga tushirilganidan so‘ng, 2026 yil birinchi yarmida dividendlar bo‘yicha 1,6 mln dollar undirildi. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 175 ming dollarni tashkil etgan. Shu bilan birga, regulyatorga kelib tushgan murojaatlar soni 36,9% ga kamaydi.
Bozorni yanada rivojlantirish kontekstida Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish masalasi ham qayd etildi. Markazni 2027 yilda ishga tushirish rejalashtirilgan. Angliya umumiy huquq yurisdiksiyasi, xalqaro tijorat sudi va ko‘p valyutali savdoni o‘z ichiga olgan mazkur mexanizmlar xalqaro kapitalni jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Uning ta’kidlashicha, Toshkent fond birjasining KASE, Astana International Exchange va AIFC Green Finance Centre bilan hamkorligi, shuningdek, xalqaro depozitariylar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish bozorlarga transchegaraviy kirish imkoniyatlarini kengaytirish uchun asos yaratadi.
"Umumiy infratuzilma, cross-listing va transchegaraviy investitsiya mexanizmlari bozorlarning o‘zaro bog‘liqligi va likvidligini oshirish, shuningdek, global kapitalni jalb qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi mumkin", – dedi u.

Davra suhbati ishtirokchilari, shuningdek, kapitalning transchegaraviy harakatidagi to‘siqlar, tartibga solish yondashuvlarini o‘zaro tan olish, axborot almashinuvi hamda nazorat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qilmoqdalar.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazda moliya bozorlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va transchegaraviy investitsiya imkoniyatlarini rivojlantirishga qaratilgan regulyatorlik hamkorligining keyingi amaliy yo‘nalishlari belgilab olinadi.