logo
connect
Oʼzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi
FAQ

Yangiliklar

foto

“Hamster Kombat” o‘yini xisob birliklari haqida AXBOROT XABARI

25.06.2024
18267

Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) “Hamster Kombat” o‘yini bilan bog‘liq ko‘plab savollar kelib tushmoqda. Xususan, o‘zbekistonliklar bunday o‘yin hisob birliklarini qonuniy ravishda xarid qilishlari yoki sotishlari mumkinmi, O‘zbekistonda “Play-to-earn” tamoyili bo‘yicha tashkil etilgan o‘yinlar faoliyati qonuniymi, “Hamster Kombat” o‘yinida to‘plangan hisob birliklari kripto-aktiv sanaladimi va hokazo. Quyida eng ko‘p beriladigan savollarga javoblar keltirilgan.

“Hamster Kombat” – Play-to-earn toifasidagi o‘yinmi?

Play-to-earn - o‘yin orqali real pul yoki boshqa qimmatli mukofotlarni olish mumkin o‘yin turi. “Hamster Kombat” o‘yini mazkur toifadagi o‘yinlar qatoriga kirmaydi, chunki o‘yinda to‘plangan tangalar (hisob birliklari) utilitar kripto-aktivlardan farqli o‘laroq, ta’minlanmagan va real foyda keltirmaydi.

“Hamster Kombat” o‘yinida to‘plangan xisob birliklari kripto-aktiv sanaladimi?

O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra kripto-aktiv bu – ma’lumotlarning taqsimlangan reyestri (blokcheyn) dagi raqamli yozuvlar yig‘indisi bo‘lgan, qiymati va egasiga ega mulkiy huquq.

“Hamster Kombat” o‘yinida to‘plangan xisob birliklari yuqoridagi ta’rifga mos kelmaydi va blokcheynga ega emas. Shunga ko‘ra, mazkur birliklar kripto-aktiv emas.

Biroq, kelajakda “Hamster Kombat” dagi tangalar blokcheynga o‘tishi va shu bilan kripto-aktivga aylanishi mumkinligi inkor etilmaydi.

Keyinchalik, kripto-aktivni tarqatish maqsadida u kripto-platformalarda listingdan o‘tkazilishi mumkin. Biroq, bunday kripto-aktivlar aks hollarda foydali funksionallikning yo‘qligi sababli ro‘yxatga olinganidan keyin qisqa vaqt ichida qadrsizlanadi.

“Hamster Kombat” o‘yinida to‘plangan xisob birliklarini ular kripto-platformalarda ro‘yxatga olinganidan keyin xarid qilish yoki sotish qonuniy bo‘ladimi?

“Hamster Kombat” o‘yinida to‘plangan xisob birliklari kripto-aktiv deb tan olinsa, ularni faqat kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi milliy xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar orqali xarid qilish yoki sotish mumkin bo‘ladi. Bunda ular kripto-birja kotirovkalash varag‘i yoki  kripto-do‘konning savdo savatiga kiritilgan bo‘lishi zarur.

“Hamster Kombat” o‘yinining O‘zbekistondagi faoliyati Agentlik tomonidan tartibga solinadigan sohalarga kiradimi?

“Hamster Kombat” o‘yinining xisob birliklari blokcheynga ega bo‘lmagunicha, ularning aylanmasini tartibga solish Agentlik vakolatiga kirmaydi.