Yopish
dark/lightmode
special-mode
NAPP

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.

Nima bilan shug‘ullanamiz arrow-right

Yangiliklar

Fond birjasi va kapital bozorining professional ishtirokchilari faoliyatini tartibga soluvchi bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi

10.06.2026
55

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) tomonidan kapital bozori sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish maqsadida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar doirasida ushbu sohadagi litsenziyalash va xabardor qilish tartib-taomillarini tartibga solish bo‘yicha bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Xususan, quyidagi nizomlar tasdiqlandi:

fond birjasi va qimmatli qog‘ozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisi faoliyatini litsenziyalash;

qimmatli qog‘ozlar bozorida investitsiya vositachisi va investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchi sifatida professional faoliyatni litsenziyalash;

qimmatli qog‘ozlar bozorida investitsiya maslahatchisi faoliyatini boshlash yoki tugatish uchun vakolatli organni xabardor qilish tartibi.

Mazkur hujjatlar O‘zbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi va “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 18 dekabrdagi PF-254-son “Kapital bozorida investitsiya muhitini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, 2017 yil 27 iyuldagi PQ-3150-son “O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi va 2023 yil 2 sentabrdagi PQ-291-son “Kapital bozorini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni va qarori ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqildi.

Qabul qilingan nizomlar bilan fond birjalari, qimmatli qog‘ozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchilari, investitsiya vositachilari, investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchilari, shuningdek investitsiya maslahatchilari faoliyatida litsenziyalash va xabardor qilish tartib-taomillarining yagona va shaffof mexanizmlari joriy etilmoqda.

Jumladan:

litsenziatlarning ustav kapitaliga, shu jumladan uni bosqichma-bosqich oshirib borish tartibiga, shuningdek litsenziatlar rahbariyati va mulkdorlarining ishchanlik obro‘siga nisbatan kuchaytirilgan talablar belgilanmoqda;

qimmatli qog‘ozlar bozori ishtirokchilarining rahbariyati va xodimlariga qo‘yiladigan talablar o‘rnatilmoqda;

litsenziatlar faoliyatini jinoiy faoliyatga aloqador shaxslar tomonidan boshqarilishi va ularning noqonuniy faoliyatda ishtirok etishining oldini olish maqsadida ustav kapitalidagi ulushlarni boshqa shaxslarga realizatsiya qilish hamda rahbariyat tarkibini o‘zgartirishni Agentlik bilan kelishish tartibi joriy etilmoqda;

litsenziya, shuningdek, xabardor qilish talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish, ularning buzilishiga nisbatan huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash va boshqa talablar belgilanmoqda.

Ta’kidlash joizki, litsenziya olish yoki faoliyat to‘g‘risidagi tegishli tasdiqnomalarni rasmiylashtirish uchun taqdim etilgan ariza va hujjatlarni ko‘rib chiqishda Agentlik tomonidan yig‘im undirilmaydi.

Ushbu normativ-huquqiy hujjatlarning qabul qilinishi kapital bozori infratuzilmasini yanada rivojlantirish, professional ishtirokchilar faoliyatini samarali tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish, investorlar va bozor ishtirokchilarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, bozorda shaffoflikni ta’minlash va investitsiya muhitini yanada yaxshilashlashga qaratilgan.