O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.
O‘zbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonuniga O‘zbekiston Respublikasining 2026 yil 22 iyundagi O‘RQ-1154-sonli Qonuni bilan kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga muvofiq, 2026 yil 23 sentabrdan e’tiboran elektron tijorat operatorlari faoliyatini amalga oshirishning xabardor qilish tartibi joriy etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026 yil 5 avgustdagi 24-son buyrug‘i bilan Elektron tijorat operatorlari faoliyatini boshlash va tugatish uchun vakolatli organni xabardor qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom (Adliya vazirligida 2026 yil 19 avgustda 3927-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazildi) tasdiqlandi va 2026 yil 24 sentabrdan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Nizom elektron tijorat operatorlari faoliyatini boshlash va tugatish uchun vakolatli organni xabardor qilish tartibini belgilaydi hamda barcha elektron tijorat operatorlari, xususan elektron savdo platformalari operatorlari, buyurtmalar agregatori operatorlari hamda raqamli striming xizmati operatorlariga (keyingi o‘rinlarda – elektron tijorat operatorlari) nisbatan qo‘llaniladi.
Elektron tijorat operatori faoliyatini tashkil etish uchun quyidagi talablar va shartlar amal qilishi belgilangan:
Tadbirkorlik subyektlari elektron tijorat operatori faoliyatini boshlash uchun Agentlikning axborot tizimiga Yagona identifikatsiya tizimi (OneID) orqali kirib uchun xabarnoma yuboradi.
Bunda, xabarnomani shakllantirish va yuborishda quyidagi ma’lumotlar kiritiladi (yuklanadi):
yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, STIR;
joylashgan manzili va elektron pochtasi;
yuridik shaxs rahbarining telyefon raqami;
elektron tijorat operatori faoliyati amalga oshiriladigan joy manzili (manzillari, kadastr raqami);
elektron tijorat operatori faoliyatini amalga oshirish joyining telyefon raqami (mavjud bo‘lgan taqdirda);
bank rekvizitlari (hisobvarag‘i, bank kodi);
yuridik shaxs rahbarining pasport raqami, seriyasi yoki identifikatsiya
ID-kartasi raqami, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami ma’lumotlari;
xabardor qiluvchilar tomonidan xabarnomani yuborishda elektron tijorat operatorlari uchun belgilangan talablar va shartlarga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
Elektron tijorat operatorlari reyestri Agentlikning saytida e’lon qilib boriladi.