O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik), “Effekt Makarenko” telegram-kanalida e’lon qilingan sug'urta sohasiga oid materiallar yuzasidan quyidagilarni xabar qiladi.
I. Qonunchilikda belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash borasida:
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishning kompleks chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 1-martdagi PQ-108-son qarori TVEFJMSQ bo‘yicha sug‘urta tariflarini aktuar hisob-kitoblarga asosan qayta ko‘rib chiqishni nazarda tutadi (amalda bajarilgan);
– Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 23-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishning kompleks chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 1-martdagi PQ-108-son qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi 458-son qarorida:
a) Agentlikning yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimida (keyingi o‘rinlarda — YAAAT) mavjud amaldagi majburiy sug‘urta polislari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning “Elektron hukumat” tizimining Idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali manfaatdor davlat organlari va tashkilotlariga taqdim etilishi (amalda bajarilgan);
b) 2026-yil 1-apreldan boshlab YAAATda rasmiylashtirilgan sug‘urta polislari bo‘yicha sug‘urta mukofotlari uchun to‘lovlarni markazlashgan holda hisob-kitobi Yagona sug‘urta billing tizimi orqali yuritilishini ta’minlash yuzasidan topshiriqlar belgilangan.
Bundan tashqari, elektron axborot almashinuvi shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilishga oid qonunchilik hujjatlari talablariga qat’iy rioya qilingan holda, shuningdek, sug‘urta polisi egalari va jabrlanuvchilar haqidagi ma’lumotlarning maxfiyligi va xavfsizligini ta’minlash bilan amalga oshiriladi.
II. Sug‘urta hodisalari bo‘yicha arizalarni elektron shaklda yuborish tizimini joriy etish yo‘nalishida:
1) sug‘urta bozorini tartibga solish Agentlikka o‘tkazilgandan boshlab Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali sug‘urta polislarini sotib olish va barcha turdagi sug‘urta shartnomalari bo‘yicha sug‘urta hodisalari yuzasidan da’volarni taqdim etish xizmati to‘liq yo‘lga qo‘yilgan;
2) sug‘urta xizmatlari iste’molchilari uchun qulaylik yaratish maqsadida ichki ishlar organlari xodimlarining ishtirokisiz berilgan yo‘l-transport hodisalari (Yevroprotokol), shuningdek, boshqa majburiy va boshqa sug‘urta turlari bo‘yicha sug‘urta da’volari haqidagi bildirishnomalarni onlayn yuborish va ko‘rib chiqish imkoniyatini beruvchi “Sug‘urta servis” mobil ilovasi ishga tushirildi.
III. Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha qonunchilikda belgilangan meyorlar
Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 24-iyundagi 141-son qarori 4-ilovasi bilan tasdiqlangan Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish qoidalarga asosan jabrlanuvchi (uning merosxo‘rlari yoki huquqiy vorislari) sug‘urtalovchiga sug‘urta tovoni to‘lash to‘g‘risida yozma yoki elektron ravishda murojaat qilishi mumkin.
Bunda, sug‘urtalovchiga murojaat qilishda:
– sug‘urta hodisasi sodir bo‘lganda haydovchilar tomonidan mustaqil tuzilgan yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi xabarnomani (yevroprotokol asoslari mavjud bo‘lganda) yoki davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlarini jalb qilish orqali rasmiylashtirilgan yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi xulosa yoki qarorni;
– holatga ko‘ra mol-mulkka yoki/va hayotga yoki sog‘liqqa zarar yetkazilganligi faktini va zarar miqdorini tasdiqlovchi hujjatlarni (tibbiyot muassasasi ma’lumotnomasi yoxud hayotga yoki sog‘liqqa zarar yetkazilganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar, o‘lim haqidagi dalolatnoma yoxud guvohnoma, mol-mulkni mustaqil baholash dalolatnomasi) ilova qilinishi lozim.
Bunda, qayd etilgandan yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi xabarnomani (yevroprotokol) “Sug‘urta servis” mobil ilovasi orqali elektron shaklda rasmiylashtirish imkoniyati mavjud.
IV. Yuqoridagilarga asoslanib, amaldagi qonunchilikka muvofiq, fuqarolar yuqorida aytib o‘tilgan elektron platformalar va mobil ilovalarni o‘z ichiga olgan aloqa kanallari orqali elektron tarzda sug‘urtalovchilarga murojaat qilishlari mumkin.
Sug‘urta da’volarini ko‘rib chiqishda zarur bo‘lgan boshqa ma’lumotlarni tegishli vakolatli organlardan elektron shaklda ayirboshlash mexanizmini bosqichma-bosqich joriy etish ustida Agentlik tegishli ishlarni olib bormoqda, bunda ariza beruvchi tomonda zarur ma’lumotlar (hujjatlar)ning elektron shakllanishi imkoniyatining mavjudligi hisobga olinadi.
Zarur jarayonlar va ma’lumotlarni uzatish uchun huquqiy asoslar yaratilgandan so‘ng, fuqarolar axborot xavfsizligi va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish talablariga rioya qilgan holda tegishli identifikatorlarni taqdim etish orqali hujjatlarni taqdim etmasdan sug‘urta da’volarini yuborishlari mumkin bo‘ladi.
Shuni ham ta’kidlash joizki, o‘tgan yilning yakuniga ko‘ra, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha 27 mingdan ortiq sug‘urta da’volari bo‘yicha jami 245,2 milliard so‘mlik sug‘urta tovonlari to‘lab berilgan.
Bundan tashqari, yuqorida keltirilgan materiallarda muallif vakolatli davlat organi tomonidan "O‘zbekinvest" AJ sug‘urta kompaniyasiga chiqarilgan postlar yuzasidan bosim o‘tkazilganligini aytib o‘tgan.
Agentlik rasman "O‘zbekinvest" AJ sug‘urta kompaniyasiga hech qanday bosim o‘tkazmaganligini ma’lum qiladi.
Shu munosabat bilan, Agentlik ushbu materiallarda keltirilgan ma’lumotlarni haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan va jamoatchilikni chalg‘ituvchi deb topib, O‘zbekiston Respublikasining «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi Qonuni 34-moddasiga muvofiq raddiya e’lon qilingan holda uni olib tashlash zarur, deb biladi.
Agentlik ommaviy axborot vositalari va blogerlardan kelgusida sug‘urta faoliyatini tartibga solish bo‘yicha mavjud bo‘lgan barcha ma’lumotlarni hissiyotlarga berilmasdan diqqat bilan o‘rganib chiqib, shundan so‘nggina vatandoshlarimizga ishonchli, aniq va to‘liq ma’lumotlarni taqdim etishlarini so‘rab qoladi.
Idoraviy mansub tashkilotlar