Yangiliklar
"E-com Business Fest" birinchi xalqaro elektron tijorat biznes-festivali
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (Agentlik) va Jahon banki ko‘magida O‘zbekiston sotuvchilar uyushmasi va Elektron tijorat assotsiatsiyasi tomonidan tadbir bosh hamkori – USAID ning tadbirkorlik va biznes muhitini rivojlantirish loyihasi bilan birgalikda tashkil etilgan "E-com Business Fest" birinchi xalqaro elektron tijorat biznes-festivali o‘z ishini boshladi.
"E-com Business Fest" doirasida ko‘rgazmalar, konferensiyalar va panel muhokamalari, elektron tijorat tadbirkorlari uchun netvorking bo‘lib o‘tadi.
Biznes-festival elektron tijorat taqdim etayotgan dolzarb muammolar va imkoniyatlarni muhokama qilish uchun yetakchi soha mutaxassislari, biznes rahbarlari va davlat organlari vakillarini birlashtirdi.
“Davlatimiz rahbari tomonidan elektron tijoratni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, elektron tijorat va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi qonunchilikni yangilash borasidagi islohotlar o‘z ijobiy samaralarini bermoqda. Biz milliy infratuzilmani rivojlantirish, elektron tijorat bilan bog‘liq tartiblarni soddalashtirish va onlayn tranzaksiyalar xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratamiz”, – dedi Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak tadbirning tantanali ochilish marosimidagi nutqida.
Biznes-festival doirasida qator dolzarb mavzular muhokama qilinadi: texnologiyadagi innovatsiyalardan o‘sish strategiyalarigacha, iste’molchilar huquqlarini himoya qilishdan logistika muammolarigacha. Ishtirokchilar hukumatlar tartibga solish orqali raqamli bozorlarning o‘sishini qanday qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini va qanday amaliyotlar xavfsiz va shaffof tranzaksiyalarni ta’minlashda sog‘lom raqobatni rag‘batlantirishi mumkinligini ko‘rib chiqadilar.
Ta’lim, netvorking va innovatsiyalar uchun o‘ziga xos platforma bo‘lmish "E-com Business Fest" ishtirokchilarga so‘nggi tendensiyalar bilan tanishish, o‘z malakalarini oshirish va biznes aloqalarini kengaytirish, Markaziy Osiyo mintaqasida elektron tijoratni rivojlantirishga hissa qo‘shish imkonini beradi.