Yangiliklar

Crypto Week Uzbekistan 2025 xalqaro forumi —kripto-aktivlar aylanmasi sohasida Markaziy Osiyodagi eng yirik tadbir

Toshkentda kripto-aktivlar, blokcheyn texnologiyalari va moliya sektoridagi raqamli innovatsiyalarga bag‘ishlangan Markaziy Osiyodagi eng yirik tadbirlardan biriga aylangan Crypto Week Uzbekistan 2025 xalqaro forumi boshlandi.
Forumdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonning kripto-industriya va fintex sohasida yetakchi mintaqaviy xab maqomini mustahkamlash, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda bilim, texnologiyalar va ilg‘or tajriba almashish uchun samarali platforma yaratishdan iborat.
Tadbirda 400 dan ortiq delegatlar – xalqaro kompaniyalar vakillari, investorlar, regulyatorlar, startaplar va taniqli treyderlar ishtirok etmoqda. Taklif etilgan ma’ruzachilar orasida – Binance vakillari, yetakchi tahlilchilar, regulyatorlar va blokcheyn loyihasi asoschilari. Forum dasturiga 20 dan ortiq tematik sessiyalar va panel muhokamalari, startap tanlovi, B2B va B2G uchrashuvlari, ko‘rgazma maydoni, tarmoq tadbirlari va AfterParty kiradi.
Muhokamaning asosiy mavzulari orasida kripto-aktivlarni tartibga solish, blokcheynning huquqiy va texnologik jihatlari, tokenizatsiya, raqamli iqtisodiyotda treyderlarning roli, kiberxavfsizlik va moliyaviy texnologiyalarda innovatsiyalarni ilgari surish kiradi.
Forumda so‘zga chiqqan Istiqbolli loyihalar milliy agentligining (Agentlik) kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Asqarjon Zakirov O‘zbekistonda sohani tartibga solishni takomillashtirish bo‘yicha faol ish olib borilayotganini alohida ta’kidladi. Uning aytishicha, Agentlik tadbirkorlar bilan muloqot olib boradi, nazorat va rivojlanish o‘rtasidagi muvozanatga intiladi:
"Biz jazolovchi tarzda harakat qilmaymiz, balki tushuntirish ishlariga e’tibor qaratamiz. Bizning yondashuvlarimiz xalqaro standartlarga mos keladi, jumladan, foydalanuvchini majburiy identifikatsiya qilish, mijoz ma’lumotlarini saqlash va barcha xizmat ko‘rsatuvchi provayderlarni litsenziyalash".
Zakirov shuningdek, 2023 yildan buyon mamlakat milliy provayderlar orqali ishlashni talab qilayotganini, regulyator esa eng yirik kripto-birjalar, jumladan Binance va CoinMarketCap 10 taligining boshqa ishtirokchilari bilan muzokaralar olib borayotgani haqida xabar berdi:
"Biz korxonalarning muammolarini eshitdik, ba’zi qonunchilik normalarini qayta ko‘rib chiqdik va ko‘plab to‘siqlarni olib tashladik. Bu bozorga yangi o‘yinchilarni jalb qilish imkonini berdi", – dedi u.
Forum Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ko‘magida PraeLegal Uzbekistan, Heyemera va Yoko Digital kompaniyalari tomonidan tashkil etildi.