Yangiliklar
Citibank xalqaro banki vakillari bilan uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligida yirik xalqaro bank – Citibank (Nyu-York, AQSH) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak, “O‘zbekiston Respublikasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi” MCHJ bosh direktori Otabek Nazirov, “O‘zbekiston Respublikasi valyuta birjasi” AJ bosh direktori Rashid Usmonov, “Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi” AJ boshqaruvi raisi SHerali Abdujabborov, “Toshkent” Respublika fond birjasi” AJ boshqaruvi raisi Georgiy Paresishvili hamda Sitibankning emitent xizmatlari bo‘yicha boshqaruvchi direktori Eyden Dagg, global depozitariy risklar bo‘yicha direktor Mixail Klochkov va korporativ bank faoliyati bo‘yicha direktor Jeyson Zullo ishtirok etdilar.
Kun tartibida global depozitar tilxatlari (GDR) va global depozitar notalarini (GDN) muomalaga chiqarish yo‘li bilan xorijiy investitsiyalarni jalb etish, O‘zbekiston kompaniyalarining xalqaro IPOga chiqishi, xalqaro investorlarning O‘zbekistondagi korporativ obligatsiyalar bozoriga qiziqishini oshirish va boshqa masalalar bo‘ldi.
Citibank vakillari Agentlik tomonidan Regulation.gov.uz. saytida jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan tartibga soluvchi qumdon to‘g‘risidagi nizom loyihasi bo‘yicha ijobiy fikr bildirib, uni takomillashtirish bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarida to‘xtalib o‘tdilar.
Tomonlar O‘zbekiston kapital bozoriga xorijiy investorlarni yanada jalb etish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Citibankning Markaziy bankda valyuta hisob raqamlarini, shuningdek, Valyuta birjasi va Markaziy depozitariyda qimmatli qog‘ozlar hisobvaraqlarini ochish yuzasidan fikr almashdilar.