Yangiliklar
«Chainalysis» dan o‘quv seminari
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligida O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qilish idoralari va agentlik xodimlarining «Chainalysis» (Singapur) kompaniyasi vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Agentlik tomonidan tashkil etilgan uchrashuv huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari va agentlik xodimlari uchun “Kripto-aktivlar tranzaksiyalarini kuzatish va bu yo‘nalishda tekshiruvlar o‘tkazish usullari” mavzusida o‘quv seminarini o‘tkazish maqsadida tashkil etildi.
Uchrashuv davomida «Chainalysis» vakillari kripto-aktivlar bilan tranzaksiyalarni kuzatish uchun maxsus dasturiy vositalardan foydalanish muhimligini, shuningdek, huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlarining kripto-aktivlar muomalasi sohasi bo‘yicha bilimlarini oshirish zarurligini ta’kidladilar.
Shu bilan birga, Markaziy Osiyo mintaqasi va O‘zbekiston Respublikasida kripto-aktivlar aylanmasi bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar taqdim etildi.
Shuningdek, «Chainalysis» vakillari amaliy misollar yordamida kripto-aktivlar aylanmasi sohasida tekshiruvlar o‘tkazish, yuqori xavfga ega manzillar/tranzaksiyalarni aniqlash va AML protseduralarini o‘tkazish imkonini beruvchi vositalarni namoyish etdilar.
Ma’lumot uchun: «Chainalysis» 2014 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda kripto-hamyon o‘rtasidagi aloqalarni aniqlash va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish yoki terrorizmni moliyalashtirish kabi noqonuniy faoliyatga aloqadorlikni aniqlash uchun sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda ma’lumotlarning taqsimlangan reyestrida amalga oshirilgan tranzaksiyalarni kuzatish va tahlil qilish vositalarini ishlab chiqish bo‘yicha dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi.