logo
connect
Oʼzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi
FAQ

Yangiliklar

foto

Axborot xabari

11.06.2024
21158

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) kripto-aktivlar aylanmasi sohasida xizmat ko‘rsatuvchi provayder sifatida faoliyat yuritish uchun litsenziya olish zarurati bilan bog‘liq murojaatlar ko‘payib borayotganligi munosabati bilan, qo‘yidagilarni ma’lum qiladi.

O‘zbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonuni (keyingi o‘rinlarda – Qonun) hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 iyuldagi PQ-3832-son “O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni va kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyat turlariga mayning va kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlar faoliyati (keyingi o‘rinlarda — xizmatlar provayderlari) kiradi.

O‘z navbatida, xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar turlari sifatida “kripto-birja”, “mayning-pul”, “kripto-depozitariy” va “kripto-do‘kon” belgilangan.

Xizmatlar provayderlari faqat O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari — yuridik shaxslar bo‘lishi mumkin. Ular jismoniy yoki yuridik shaxslarga, shu jumladan ularning nomidan kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash, saqlash, chiqarish, joylashtirish va boshqarish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3832-son Qarori bilan 2023 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslari kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash bo‘yicha operatsiyalarni faqat milliy provayderlar orqali qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiradi.

Milliy xizmat provayderlarining elektron reyestriga havola – https://napp.uz/oz/pages/erlsp

Milliy provayderlar orqali kripto-aktivlarni o‘z ehtiyojlari uchun xarid qiladigan yoki sotayotgan jismoniy yoki yuridik shaxslar uchun litsenziya yoki boshqa ruxsat beruvchi hujjat talab qilinmaydi.

Agar siz O‘zbekiston Respublikasi hududida xizmat ko‘rsatuvchi provayder sifatida faoliyat yuritish uchun litsenziya olmoqchi bo‘lsangiz, xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar, unda litsenziya olish uchun davlat boji miqdori va xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar uchun oylik to‘lovlar haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan https://napp.uz/oz/pages/service-providers havolasidagi bosqichma-bosqich instruksiya bilan tanishib chiqishingizni so‘raymiz.

Agentlik, shuningdek, xarid qilish obyekti sifatida kripto-aktivlarni tanlash va shunga mos ravishda, bu tanlovning oqibatlari xaridorning shaxsiy tavakkalchiligi ekanligini eslatadi.

Shu munosabat bilan, Agentlik fuqarolarni ogoh bo‘lishga va kripto-aktivlar bilan bog‘liq firibgarlik sxemalari, “moliyaviy piramidalar” va turli “firibgarlik loyihalari”dan ehtiyot bo‘lishga, shuningdek, kripto-aktivlar bilan bog‘liq operatsiyalarni faqat milliy provayderlar orqali amalga oshirishga chaqiradi (elektron reyestrga havola yuqorida keltirilgan).