logo
connect
Oʼzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi
FAQ

Yangiliklar

foto

Aksiyadorlik jamiyatlari xodimlarining aksiyalarga egalik qilish rejasini joriy etish tartibi tasdiqlandi

08.10.2024
1073

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan, mamlakatimizda fuqarolar farovonligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida, mamlakatimizning investitsion jozibadorligini yanada oshirish va qimmatli qog‘ozlar bozorini jadal rivojlantirish barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash maqsadlaridan biri sifatida belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-sentabrdagi “Kapital bozorini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-291-son qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar doirasida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda - Agentlik) tomonidan aksiyadorlik jamiyatlari xodimlarining aksiyalarga egalik qilish rejasini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizom (keyingi o‘rinlarda – Nizom) ishlab chiqildi va tasdiqlandi (Adliya vazirligi tomonidan 2024 yil 8 oktabrda 3559-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazildi).

Nizom xodimlar aksiyalariga egalik qilish rejasi Employeye stock ownership plan (ESOP) amaliyotini amalga oshirishga qaratilgan bo‘lib, AQSH, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlar tajribalari asosida ishlab chiqilgan.

Nizomda aksiyadorlik jamiyatlari (keyingi o‘rinlarda – AJ) aksiyalarining xodimlari tomonidan sotib olinishi yoki muayyan aksiyalar paketini opsion (opsion bitimi) shartlariga ko‘ra o‘tkazishning asosiy shartlari belgilanadi.

ESOP amaliyotini amalga oshirish uchun aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi Nizom talablarini inobatga olgan holda xodimlarning ulushga egalik qilish rejasini tasdiqlaydi.

Ma’lumot uchun: Davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan AJlar xodimlari uchun egalik qilish rejasini ishlab chiqishlari va qabul qilishlari shart.

Nizom xodimlar tomonidan AJ aksiyalarini egalik qilish uchun ikkilamchi bozorda xodimlar uchun sotib olingan aksiyalarini taklif qilish hamda aksiyalarni opsion bitimi asosida sotib olish, shu jumladan mukofot (rag‘batlantirish) shartlari asosida taklif qilish tartibini belgilaydi.

Nizomda belgilangan qoidalar xodimlar va AJ o‘rtasidagi munosabatlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda, ya’ni xodim-aksiyador korxonaning barqaror faoliyat olib borishi, unumdorligi va rentabelligini oshirishdan manfaatdor bo‘ladi, o‘z navbatida aksiyadorlik jamiyati ham rivojlanishga muhim hissa qo‘shgan xodim bilan uzoq muddatli mehnat munosabatlaridan manfaatdor bo‘ladi.

Mazkur Nizomning joriy qilinishi fuqarolarning turmush darajasi va ularning farovonligini oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.