logo
connect
Oʼzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi
FAQ

Yangiliklar

foto

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Sug‘urta nazoratchilari xalqaro uyushmasi (IAIS) bilan hamkorlikni kengaytirmoqda

17.02.2025
321

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (Agentlik) delegatsiyasining Xalqaro sug‘urta nazoratchilari uyushmasiga (IAIS) muhim tashrifi amalga oshirildi. Ta’kidlab o‘tish kerakki, mazkur tashrif O‘zbekiston sug‘urta sohasidagi vakolatli organning IAISga birinchi tashrifi hisoblanadi.

Globallashuv va iqtisodiyotning o‘zaro bog‘liqligi o‘sib borayotgan sharoitda Agentlik milliy sug‘urta bozorining barqarorligi va ishonchliligini hamda uning xalqaro tizimga qo‘shilishini ta’minlash uchun muhim choralarni ko‘rmoqda.

Bu yo‘nalishda Agentlikning Xalqaro sug‘urta nazoratchilari uyushmasi bilan hamkorligi muhim o‘rin tutadi.

Ma’lumot uchun: xalqaro sug‘urta nazoratchilari uyushmasi (IAIS) turli mamlakatlarning sug‘urta sohasidagi vakolatli va nazorat organlarinini birlashtirgan xalqaro tashkilotdir. Uyushma 1994 yilda tashkil etilgan. IAIS global sug‘urta bozorining barqarorligi va ishonchliligini ta’minlashda, shuningdek xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda, standartlarni ishlab chiqishda va sug‘urta nazoratini takomillashtirish bo‘yicha mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlashda muhim rol o‘ynaydi.

IAIS bosh direktori bilan uchrashuvda IAISning 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan strategik rejasi muhokama qilindi va Agentlikka xalqaro standartlarni joriy etishda texnik yordam ko‘rsatish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Shuningdek, IAIS qo‘mitalari rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda «SOLVENCY II» – xalqaro standartini joriy etish, milliy sug‘urta bozorini tartibga solishda tavakkalchilikga asoslangan yondashuvning jihatlari ko‘rib chiqildi. Bu yondashuv tavakkalchiliklarni samarali boshqarish orqali ehtimoliy yo‘qotishlarda sug‘urta kompaniyalarining barqarorligini oshirishini ta’minlaydi.

Xalqaro amaliyotlar va standartlarni joriy etish sug‘urta xizmatlari sifatini yaxshilashga, fuqarolarning sug‘urta kompaniyalariga bo‘lgan ishonchini oshirishga, shuningdek, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va milliy sug‘urta bozorining barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi.