Yopish
dark/lightmode
special-mode
NAPP

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.

Nima bilan shug‘ullanamiz arrow-right

Yangiliklar

Agentlik delegatsiyasining qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi sohasida tajriba o‘rganish maqsadida Fransiyaga tashrifi boshlandi

22.05.2025
310

Mamlakat qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga ko‘maklashish va qishloq xo‘jaligini sug‘urtalash amaliyotini joriy etish orqali tarmoq barqarorligini oshirish doirasida Agentlik delegatsiyasi Fransiya qishloq xo‘jaligida risklarni sug‘urtalash tajribasi bilan tanishish maqsadida tashrifini boshladi.

Tashrif davomida delegatlar fermerlarni qo‘llab-quvvatlash, xavf-xatarlarni kamaytirish va fermerlar daromadlarini barqarorlashtirishda samarali vosita ekanligini isbotlagan Fransiyada joriy etilgan qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi tizimi bilan tanishdilar. Sug‘urta kompaniyalari, davlat dasturlari va fermer jamoalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik modellariga, shuningdek, sug‘urta xizmatlarining shaffofligi va ulardan foydalanish qulayligini oshirish uchun raqamli texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.

Moliyaviy barqarorlikni nazorat qilish va inqirozni bartaraf etish bo‘yicha Fransiya sug‘urta regulyatori vakillari 2023 yilda Fransiyada qishloq xo‘jaligi korxonalari uchun mulk va javobgarlikni sug‘urtalashning barcha turlari bo‘yicha sug‘urta mukofotlarining umumiy hajmi qariyb 2,6 milliard yevroni tashkil qilganini ta’kidladilar. Bu ko‘rsatkich tarmoqning barqaror rivojlanib borayotganidan, uning qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini qo‘llab-quvvatlash tizimidagi muhim o‘rinlaridan dalolat beradi. Ushbu hajmning salmoqli qismi – qariyb 69 foizi yoki taxminan 1,8 milliard yevro – qishloq xo‘jaligi korxonalarining mulkiy zararini sug‘urtalash hisobiga to‘g‘ri keladi.

Tashrif dasturidan Fransiya sug‘urta tashkilotlari, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va agrotexnologik kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi sug‘urtasining joylarda amalga oshirilishini baholash maqsadida dalalar va qishloq xo‘jaligi korxonalariga tashriflar o‘rin olgan.

Shuningdek, zarar ko‘ruvchi segmentlar, ayniqsa kafolatlar bo‘yicha nazoratni kuchaytirish, shuningdek, zamonaviy risklar va iqlim o‘zgarishini hisobga olgan holda yangi sug‘urta mahsulotlari va shartlarini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi. Bundan tashqari, risklarni boshqarishni takomillashtirish, xavflarni baholash va kamaytirishning innovatsion usullarini joriy etish muhimligi ta’kidlandi.

Tashrif natijalari O‘zbekistonda ham qishloq xo‘jaligi tarmog‘ining barqarorligini oshirish hamda iqlim o‘zgarishi va global iqtisodiy beqarorlik sharoitida fermerlarni qo‘llab-quvvatlash imkonini beruvchi ana shunday tizimni joriy etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishda foydalaniladi.