O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik, ILMA) delegatsiyasi O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) ishtirokida Franklin Templeton kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan bir haftalik malaka oshirish dasturida ishtirok etmoqda. Dastur 2026 yil 6–12 iyul kunlari Franklin Templeton kompaniyasining London shahridagi ofisida o‘tkazilmoqda.
Delegatsiya tarkibidan Agentlik hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakillari o‘rin olgan.
Dastur zamonaviy moliya bozorlarini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan. Unda ishtirokchilar investitsiya fondlari, birjada savdo qilinuvchi fondlar (ETF) va individual investitsiya hisobvaraqlari (SMA) kabi global investitsiya vositalarining rivojlanish bosqichlarini o‘rganmoqda. Shuningdek, blokcheyn texnologiyasi, raqamli aktivlar va tokenizatsiya, xususiy bozorlar, muqobil investitsiyalar hamda ko‘chmas mulk sohasidagi investitsiya strategiyalariga bag‘ishlangan alohida sessiyalar tashkil etilgan.

Franklin Templeton ekspertlari jahon moliya tizimi transformatsiyasi sharoitida rivojlanayotgan bozorlarga oid yondashuvlar, moliya bozorlarining kelajagi, likvidlik transformatsiyasi va tokenizatsiya qilingan moliyaviy instrumentlar bo‘yicha o‘z qarashlarini taqdim etdilar. Shuningdek, dastur doirasida komplayens va kommunikatsiyalar bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar ham o‘tkazilmoqda.
Ta’lim dasturini Franklin Templeton kompaniyasining yetakchi mutaxassislari, jumladan, ta’lim va tadqiqotlar yo‘nalishi rahbari Juliana Borello, shuningdek investitsiya strategiyalari, rivojlanayotgan va xususiy bozorlar bo‘yicha ekspertlar olib bormoqda.
Tashrif doirasida ILMA delegatsiyasi Franklin Templeton kompaniyasining London ofisi jamoasi bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish yuzasidan ishchi uchrashuvlar ham o‘tkazmoqda.
Mazkur dasturda ishtirok etish ILMA mutaxassislariga kapital bozorini rivojlantirish, raqamli aktivlar hamda moliyaviy instrumentlarni tartibga solish sohalaridagi ilg‘or xalqaro tajriba bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Olingan bilim va ko‘nikmalar O‘zbekistonda regulyator muhitini yanada takomillashtirish va kapital bozorini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Franklin Templeton va UzNIF bilan hamkorlik ILMAning xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda O‘zbekiston Respublikasi moliya sektoriga eng yaxshi jahon amaliyotini joriy etishga qaratilgan sa’y-harakatlarining muhim qismi hisoblanadi.