logo
connect
Oʼzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi
FAQ

Yangiliklar

foto

Agentlik delegatsiyasi İOSCO seminarida ishtirok etmoqda

05.03.2024
1284

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (Agentlik) delegatsiyasi Qimmatli qog‘ozlar komissiyalari xalqaro tashkiloti (İOSCO) tomonidan Ummon kapital bozori boshqarmasi (UKBB) bilan hamkorlikda tashkil etilgan huquqni qo‘llash amaliyotini joylarda rivojlantirishga bag‘ishlangan o‘quv seminarida ishtirok etmoqda. Tadbir joriy yil 5-6 mart kunlari Maskat shahrida (Ummon Qirolligi) bo‘lib o‘tmoqda.

Seminarda Gruziya, Zambiya, Indoneziya, Iordaniya, Ispaniya, Italiya, Nigeriya, Ummon, Kambodja, Keniya, Sloveniya, Tailand, Shri-Lanka va boshqa, jami 22 davlatning tartibga solish organlari ixtisoslashtirilgan bo‘linmalari rahbarlari qatnashayaptilar.

İOSCO ning qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish sohasidagi tamoyillari va metodologiyasi muhokamasi seminar dasturidan joy olgan. Ishtirokilar, shuningdek, bozor regulyatorlarining xedjlash sohasidagi fundamental funksiyalarni bajarishini ta’minlash, shuningdek, manipulyatsiya va firibgarlik sxemalaridan himoya qilish bo‘yicha o‘z amaliyotlari va tajribalari bilan o‘rtoqlashadilar.

Amaliy sessiya ishtirokchilari nazorat, oshkoralik, bozor manipulyatsiyasi va insayder savdosining oldini olish va unga qarshi kurashish kabi mavzularni alohida muhokama qiladilar.

Seminar yakunlari bo‘yicha qimmatli qog‘ozlar bozorini nazorat qilish imkonini beruvchi innovatsion texnikani joriy etish, shuningdek, ushbu sohadagi qonunchilik normalari buzilishining oldini olish va ularga qarshi kurashish choralarini ko‘rish bo‘yicha yondashuvlar ishlab chiqiladi.

Agentlik delegatsiyasining ishtiroki xorijiy davlatlarning tegishli organlari bilan hamkorlikni mustahkamlash va yo‘lga qo‘yish, shuningdek, kapital bozorini tartibga solish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajriba bilan tanishish va o‘rganishga qaratilgan.

Ma’lumot uchun: Qimmatli qog‘ozlar komissiyalari xalqaro tashkiloti (İOSCO) qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha jahon regulyatorlarini birlashtirgan xalqaro organ bo‘lib, qimmatli qog‘ozlar sektori uchun standartlarni belgilovchi, jahon miqyosida tan olingan global organ hisoblanadi. 1974 yilda tashkil etilgan mazkur tashkilot qimmatli qog‘ozlarni tartibga solish bo‘yicha xalqaro e’tirof etilgan standartlarni ishlab chiqadi, joriy qiladi va ularga rioya qilishni targ‘ib qiladi. Uning a’zolari 130 dan ortiq yurisdiksiyada jahon qimmatli qog‘ozlar bozorining 95% dan ortig‘ini tartibga soladi.