Yangiliklar

Agentlikning 2024 yildagi faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligining 2024 yildagi faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak, Kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Asqarjon Zokirov, Kapital bozorini tartibga solish boshqarmasi boshlig‘i Saibjan Xudayberdiyev, elektron tijoratni rivojlantirish va tartibga solish boshqarmasi boshlig‘i Kamronbek Muxammadiyev va sug‘urta bozori ishtirokchilari faoliyatini litsenziyalash boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Xasanov javob berdilar.
Matbuot anjumanida Agentlikning kripto-aktivlar aylanmasini rivojlantirish va tartibga solish, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereyalarni tashkil etish va bukmekerlik faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.
Jumladan, 2024 yilda kripto-aktivlar aylanmasi sohasida xizmat ko‘rsatuvchi provayderlardan 2,38 milliard so‘m miqdorida davlat boji va 7,9 milliard so‘mlik faoliyatni amalga oshirganlik uchun yig‘imlar olingani qayd etildi. 2019 yildan bugungi kungacha kripto-aktivlar aylanmasi sohasida xizmat ko‘rsatuvchi provayderlardan mamlakatimiz budjetiga jami 56,5 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ tushdi.
Shuningdek, O‘zbekiston sug‘urta bozorining asosiy ko‘rsatkichlari e’lon qilindi. Xususan, 2024 yilda O‘zbekistonda 10 millionga yaqin sug‘urta shartnomasi tuzilgan. O‘tgan yil davomida yig‘ilgan sug‘urta mukofotlari hajmi 9,8 trln. so‘mni (2023 yilga nisbatan 21 foizga ko‘p), amalga oshirilgan sug‘urta to‘lovlari miqdori 2,2 trln. so‘mni (o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 9 foizga o‘sish), sug‘urtalovchilarning umumiy aktivlari 11,8 trln. so‘mni (2023 yilga nisbatan 24,9 foizga ko‘p) tashkil etdi.
2024 yilda Agentlikning Sug‘urta bozorini rivojlantirish boshqarmasi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning 4648 ta murojaati ko‘rib chiqilib, shundan 2193 tasi qanoatlantirilgan va 34,6 milliard so‘m sug‘urta tovonlari to‘langan. Yuqoridagi raqamlar nafaqat statistika, balki qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan millionlab odamlar uchun moliyaviy himoyadir.
Tadbirda jurnalistlarga kapital bozori ishtirokchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlar haqida so‘zlab berildi. 2024 yil davomida fuqarolar va yuridik shaxslardan, asosan, minoritar aksiyadorlar foydasiga dividendlar undirish masalasiga doir 703 ta murojaat kelib tushgani alohida ta’kidlandi. Mazkur murojaatlar Agentlik tomonidan ko‘rib chiqilib, aksiyadorlarning huquqlari tiklanib, ular foydasiga 2 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ undirildi.
Shuningdek, aksiyalar bo‘yicha hisoblangan dividendlarni undirish yuzasidan arizachilar manfaatlarini ko‘zlab xo‘jalik sudlariga 20 ta da’vo arizasi kiritildi. Natijada aksiyadorlardan 3,6 milliard so‘mdan ortiq dividendlar undirish bo‘yicha sud qarorlari qabul qilindi.
Shuningdek, Agentlik tomonidan respublika hududida ilgari yuridik shaxs yoki vakolatxona tashkil etmasdan faoliyat yuritib kelgan “Yandex”, “Ozon”, “Wildberries”, “Wolt” xorijiy elektron savdo maydonchalari (marketpleyslar) faoliyatini mahalliylashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Shunday qilib, 2024 yil boshidan buyon O‘zbekistonda 10 dan ortiq yirik xalqaro kompaniyalar vakolatxonalarini ochdi. Buning natijasida davlat budjetiga 160 milliard so‘mdan ortiq soliq to‘lovlari to‘lanishi ta’minlandi va elektron tijorat sohasida o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar soni 2023 yilga nisbatan 55 foizga oshdi.
Bundan tashqari, qonunchilikni takomillashtirish, institutsional rivojlanish va tartibga solinadigan sohalarda xalqaro hamkorlik haqida ma’lumot berildi.
Agentlik yuklangan vazifalarga muvofiq, bozor ishtirokchilarining huquqlari va qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlaydigan milliy qonunchilikni takomillashtirish orqali O‘zbekiston Respublikasi hududida kripto-aktivlar, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereyalar va bukmekerlik faoliyatini rivojlantirish va tartibga solishni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda.