logo
connect
Oʼzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi
FAQ

Yangiliklar

foto

2023 yilda Agentlik tomonidan «Tartibga solish qumdoni» maxsus rejimining uchta ishtirokchisi ro‘yxatga olindi

08.01.2024
2515

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan kripto-aktivlar aylanmasi sohasida «Tartibga solish qumdoni» maxsus rejimi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga asosan 2023 yil 1 yanvardan ishga tushirildi.

«Tartibga solish qumdoni» doirasida kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi texnologiyalarni joriy qilayotgan yuridik shaxslar uchun pilot loyihalarni approbatsiya qilish va amaliyotga qo‘llash jarayonidagi huquqiy munosabatlarda maxsus tashkiliy-huquqiy sharoit yaratiladi. Jumladan, maxsus rejim ishtirokchilari barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarni, shuningdek ba’zi bojxona to‘lovlari (bojxona yig‘imlaridan tashqari) to‘lashdan ozod etiladi.

Eksperimental tartibga solishning maqsadi - tajriba loyihalarini amalga oshirishda ishtirokchilar uchun maxsus sharoitlar yaratish. «Tartibga solish qumdoni»ning maqsadi tartibga solish choralarining samaradorligini tahlil qilish orqali kripto-aktivlar aylanmasi sohasida erishish mumkin bo‘lgan natijalardan mamlakat iqtisodiyoti uchun eng yaxshilarini aniqlashdir.

2023 yilda Agentlik maxsus “Tartibga solish qumdoni” rejimining dastlabki uch ishtirokchisini ro‘yxatga oldi. Birinchi ishtirokchi bu «.UZ» domen zonasidagi nomlar uchun ma’lumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyasi (“blokcheyn”) asosida NFT-sertifikatlarni joriy etishni nazarda tutuvchi o‘zining tajriba-sinov loyihasi bilan “Yagona integrator – UZINFOCOM” MCHJ. Bugungi kunga qadar loyiha doirasida 420 dan ortiq NFT sertifikatlari yaratilgan va chiqarilgan.

Maxsus rejimning ikkinchi va uchinchi ishtirokchilari “Kriptokarta” va “CRYPTO CARD-uznex” bank kartalari mahsulotini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha tajriba loyihalari bilan “Kapitalbank” ATB va “Oktobank” AJ.

2023 yil davomida “Cryptocard” va “CRYPTO CARD-uznex” bank kartalari mahsulotini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha pilot loyihalar doirasida 90 dan ortiq bank kartalari muomalaga chiqarilib, ular bo‘yicha naqd pul aylanmasi 6 ming AQSH dollaridan ortiq mablag‘ni tashkil etdi.