logo
connect
Oʼzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi
FAQ

Yangiliklar

foto

2022 yil yakuniga bag‘ishlangan matbuot anjumani

01.02.2023
1524

2023 yil 1 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligining (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) 2022 yildagi faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak, direktor o‘rinbosari Davron Maksudov, kripto-aktivlar aylanmasini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Askar Zakirov, litsenziyalash va ruxsat berish jarayonlari bo‘limi boshlig‘i Nodirjan Djurayevlar Agentlik tomonidan 2022 yilda erishilgan natijalar va yaqin istiqboldagi rejalar haqida ma’lumot berdilar.

Vyacheslav Pak o‘zining kirish so‘zida quyidagilarni ta’kidladi:

“2022 yil Agentligimiz tarixida yangi bosqich bo‘ldi. Xabaringiz bor, 2022 yil aprel oyi oxirida Prezidentimiz, muhtaram Shavkat Miromonovich qarori bilan Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi etib qayta tashkil etildi.

Ushbu o‘zgarish Agentlikning vazifalari va funksiyalarini optimallashtirish hamda kelajakda iqtisodiyotning istiqbolli   tarmoqlaridan biri sifatida kripto-aktivlar aylanmasini rivojlantirishga to‘liq e’tibor qaratish imkonini berdi.

Agentlik tomonidan qisqa vaqt ichida kripto-aktivlar aylanmasi sohasida biznes yuritish uchun institutsional bazani kengaytirish va shart-sharoitlarni yaxshilash, ushbu sohani jadal rivojlantirish uchun qator ilg‘or va innovatsion yechimlarni joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi”.

Agentlikning davlatimiz rahbari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan tashabbuslarini amalga oshirish natijasida milliy kripto-bozorning institutsional tuzilmasi yaratildi va kengaytirildi, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalashning yangilangan tizimi joriy etildi va mayning bilan shug‘ullanishning umumiy qoidalari joriy etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 27 apreldagi PF-121-son Farmonini bajarish maqsadida 2022 yil davomida quyidagi hujjatlar ishlab chiqildi va qabul qilindi:

– Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom (Adliya vazirligi tomonidan 2022 yil 15 avgustda ro‘yxatdan o‘tkazilgan, ro‘yxat raqami 3380);

– Kripto-birjada kripto-aktivlar savdolarini amalga oshirish qoidalari (Adliya vazirligi tomonidan 2022 yil 15 avgustda ro‘yxatdan o‘tkazilgan, ro‘yxat raqami 3379);

– Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun yig‘imlar miqdorini belgilash, ularni to‘lash va taqsimlash tartibi to‘g‘risidagi nizom (Adliya vazirligi tomonidan 2022 yil 28 sentabrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan, ro‘yxat raqami 3388);

– Kripto-do‘kon faoliyatini amalga oshirish qoidalari (Adliya vazirligi tomonidan 2022 yil 31 oktabrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan, ro‘yxat raqami 3395);

– O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan kripto-aktivlarni chiqarish, chiqarishni ro‘yxatdan o‘tkazish va muomalaga kiritish tartibi to‘g‘risidagi nizom (Adliya vazirligi tomonidan 2022 yil 28 noyabrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan, ro‘yxat raqami 3397);

– Kripto-aktivlar aylanmasi sohasida tartibga solish maxsus rejimida («Tartibga solish qumdoni» maxsus rejimi) ishtirokchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi NIZOM (Adliya vazirligi tomonidan 2022 yil 30 dekabrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan, ro‘yxat raqami 3409).

Amalga oshirilgan tashabbuslar natijasida kripto-aktivlar milliy bozori institutsional jihatdan, xususan xizmatlar provayderlarining yangi turlarini joriy etish hisobiga kengaytirildi. Jumladan, to‘rtta kripto-do‘konga faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya berildi. Ta’kidlab o‘tish joizki, mazkur tashkilotlar MDH va Markaziy Osiyodagi ilk qonuniy kripto-do‘konlar bo‘ldi.

Litsenziyalash tizimini yangilash va kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun yig‘imlarni to‘lash tizimini joriy etish natijasida budjetga qo‘shimcha 3,5 milliard so‘m mablag‘ jalb etildi.

Agentlik vakillari jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro standartlar talablariga rioya etilishini ta’minlash (FATF tavsiyalari), investorlar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini joriy etish va kripto-aktivlardan noqonuniy maqsadlarda foydalanishning oldini olish Agentlik faoliyatining alohida ustuvor yo‘nalishi ekanini ta’kidladilar.

Bugungi kunda O‘zbekiston kripto-kompaniyalar faoliyatini amalga oshirish uchun meyoriy-huquqiy baza shakllantirilgan, sohani tartibga soluvchi yagona regulyator belgilangan, «tartibga solish qumdoni»dagi pilot loyihalarga bank xizmatlarini ko‘rsatish hamda ularning aprobatsiyasi yo‘lga qo‘yilgan, soliq imtiyozlari va qator preferensiyalar taqdim etilgan unikal platformaga aylandi.

Agentlik tomonidan belgilangan vazifalarga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.