O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligida yoshlarga zamonaviy texnologiyalardan xavfsiz va samarali foydalanish, kiberxavfsizlik, raqamli gigiyena hamda axborotni saralash ko‘nikmalarini o‘rgatishga qaratilgan qisqa muddatli o‘quv dasturi tashkil etildi.
Dastur doirasida ishtirokchilarga raqamli muhitda xavfsizlikni ta’minlashning asosiy tamoyillari, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, internetdagi tahdidlarni aniqlash va ulardan saqlanish usullari haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, axborotning ishonchliligini baholash, manbalarni tekshirish, yolg‘on va chalg‘ituvchi ma’lumotlarni aniqlash hamda raqamli kontentdan mas’uliyatli foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘quv dasturi interaktiv va amaliy formatda o‘tkazilib, ishtirokchilar zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanish jarayonida duch kelishi mumkin bo‘lgan turli vaziyatlarni muhokama qildilar. Amaliy mashg‘ulotlar orqali kiberxavfsizlik va raqamli gigiyena bo‘yicha kundalik hayotda qo‘llash mumkin bo‘lgan ko‘nikmalar shakllantirildi.
Bunday o‘quv dasturlarini tashkil etish yoshlarning raqamli savodxonligini oshirish, axborot makonida xavfsiz harakatlanish ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda zamonaviy texnologiyalardan ongli va mas’uliyatli foydalanish madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi.