logo
connect
Oʼzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi
FAQ

Yangiliklar

foto

"Sug‘urta sohasini jadal raqamlashtirishda amalga oshirilayotgan ishlar" mavzusida brifing

14.03.2024
2056

O‘zbekiston Respublikasida milliy sug‘urta bozorini rivojlantirish va aholiga qulayliklar yaratish maqsadida sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha choralar bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda.

2023 yildan boshlab Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) tomonidan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali sug‘urta polislarini sotib olish va sug‘urta hodisalari bo‘yicha da’volarni taqdim etish xizmati to‘liq yo‘lga qo‘yildi.

Sug‘urta polislarini ro‘yxatga oluvchi va ularning aylanmasini nazorat qiluvchi Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi yaratilgan bo‘lib, ushbu tizimga respublikamizda faoliyat yuritayotgan barcha sug‘urta kompaniyalari ulangan. Bugungi kunda tizim orqali majburiy sug‘urta turlari bo‘yicha jami 4,8 mlndan ortiq elektron sug‘urta polislari tuzilgan.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali YTHda javobgar shaxs sug‘urtalanganligi va transport vositasiga yetkazilgan zararni qoplash maqsadida sug‘urta tovonini olish uchun qanday harakatlarni amalga oshirish kerakligini bilib olish imkoni yaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 1 martdagi “Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishning kompleks chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-108-sonli qarorida sug‘urta bozorini yanada rivojlantirish, sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish orqali sug‘urta xizmatlarining ommabopligini va sifatini oshirish, shuningdek, sohani tartibga solishni yanada takomillashtirish maqsadida qator vazifalar belgilangan.

Sohani tartibga solishni yanada takomillashtirish maqsadida 2024 yil 1 sentabrdan boshlab, sug‘urtaning barcha turlari bo‘yicha sug‘urta (qayta sug‘urta) shartnomalarini yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish va sug‘urta polislarini ushbu tizim orqali rasmiylashtirish majburiy hisoblanadi.

Barcha sug‘urta turlari bo‘yicha sug‘urta polislarini faqat qog‘oz shaklida rasmiylashtirish amaliyoti bekor qilinib, sug‘urta polislarining yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali rasmiylashtirmaslik ularni haqiqiy emas deb topishga asos bo‘ladi hamda sug‘urtalovchining litsenziya talablari va shartlarini bir marta qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi.

Bundan tashqari, ayrim majburiy sug‘urta turlari qamrovi past bo‘lganligi sababli Coliq qo‘mitasi, Transport vazirligi, Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining axborot tizimlari hamda Agentlikning Yagona axborot tizimining integratsiyasi yuzasidan ishlar olib borilmoqda.

Sug‘urta tashkilotlari faoliyatida yengilliklar yaratish maqsadida Agentlik 2025 yil 1 yanvardan boshlab sug‘urtalovchilarning hisobotlarini soddalashtirish, avtomatlashtirish va Yagona axborot tizimida shakllantirishga bosqichma-bosqich o‘tish choralarini ko‘radi.

Sug‘urta xizmatlari iste’molchilariga qulaylik yaratish maqsadida yo‘l-transport hodisalari to‘g‘risidagi xabarlarni onlayn yuborish va ko‘rib chiqish uchun “Sug‘urta servis” mobil ilovasi ishga tushirildi.

Transport vositalari egalari ichki ishlar xodimlari ishtirokisiz voqea joyidan fotosuratlar va zarur hujjatlarning elektron nusxalarini yuborish orqali avtohalokat to‘g‘risidagi xabarnomani onlayn jo‘natishlari hamda yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya olishlari mumkin. Bu imkoniyat yo‘l-transport hodisasi ishtirokchilari tomonidan xabarnomalarni va sug‘urta da’volarini rasmiylashtirish hamda ko‘rib chiqish tartibini sezilarli darajada soddalashtiradi. Ilova qulay interfeys va oddiy navigatsiyaga ega. “Sug‘urta servis” mobil ilovasini  App Store va Google Play platformalarida yuklab olish mumkin. (“Sug‘urta Servis” mobil ilovasida bildirishnoma yaratish haqida video ko‘rsatma.)

Sug‘urta sohasini raqamlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi sug‘urta xizmatlari sifatini yaxshilashda, oshkoralikni ta’minlashda hamda aholi va tadbirkorlik subyektlari faoliyatini ijtimoiy va iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashda samarali vosita bo‘lib xizmat qiladi.