logo
connect
Oʼzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi
FAQ

Yangiliklar

foto

Sug‘urta bozori ishtirokchilari bilan uchrashuv

16.09.2023
2272

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi rahbariyati va sug‘urta bozori ishtirokchilari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 2 sentabrdagi «Kapital bozorini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-291-son qaroriga muvofiq, sug‘urta tashkilotlari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish bo‘yicha vazifalar Agentlikka o‘tkazilib, Agentlik ushbu sohada tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi.

Mazkur vazifa va funksiyalarni amalga oshirish uchun agentlik tomonidan Sug‘urta bozorini rivojlantirish departamenti tashkil etildi, uning vazifalariga sugurta bozori sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, O‘zbekiston fuqarolari va sug‘urta bozori ishtirokchilari huquq va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlash, shuningdek, ushbu sohani rivojlantirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish kiradi.

Yig‘ilishda sug‘urta bozorida mavjud muammolar va yaqin istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.

Suhbat chog‘ida aholining sug‘urta xizmatlariga bo‘lgan ishonchi pastligi, sug‘urta to‘lovlari o‘rnatilgan muddatlarda to‘lanmaganligi sababli fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar sonining ko‘payishi, mijozlar bilan nizolarni o‘zaro hal etish tizimlarining yo‘qligi va ularning sabablarini bartaraf etish, sug‘urta tashkilotlari kapitallashuvining past darajasi kabi muammolar haqida so‘z bordi.

Shuningdek, aholining sug‘urta savodxonligini oshirish, majburiy sug‘urta tizimini tartibga solish, ixtiyoriy sug‘urtani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, sug‘urta faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishning munosib tizimini shakllantirish, sug‘urta bozori infratuzilmasi samaradorligini oshirish va qayta sug‘urtalash mexanizmini rivojlantirish bo‘yicha takliflar bildirildi.