Yangiliklar
Kapital bozori sohasida shaxsiy investitsiya hisobvarag‘ini ochish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda - Agentlik) tomonidan muntazam ravishda kapital bozorini rivojlantirish, aholinining moliyaviy savothonligini oshirish, shuningdek, investorlarni jalb qilish, ularning huquqlarini va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha sharoitlarni yaratish ustida ishlar olib borilmoqda.
Shunday qilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kapital bozorini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023 yil 2 sentabrdagi PQ–291-son qarorini ijrosini ta’minlash maqsadida Agentlik tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Shaxsiy investitsiya hisobvarag‘ini ochish va undagi mablag‘larning hisobini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi va 2024 yil 13 iyunda qabul qilindi.
Qarorning asosiy maqsadi mahalliy fond bozorida muomalaga chiqarilgan va uyushgan qimmatli qog‘ozlar bozorida savdo qilinadigan qimmatli qog‘ozlarni sotib olish uchun shaxsiy investitsiya hisobvarag‘ini ochishni tartibga solish.
Shaxsiy investitsiya hisobvarag‘ining o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 378-moddasiga muvofiq soliq to‘lovchilar ish haqining va boshqa daromadlarining mahalliy fond bozorida emissiya qilingan qimmatli qog‘ozlarni sotib olish uchun ushbu hisobvaraqqa yo‘naltiriladigan qismi jismoniy shahslarning daromad solig‘idan solinmaydi.
Bunda soliqdan ozod bo‘lish uchun ikkita shart bajarilishi lozim:
1) investor (soliq to‘lovchi)ning hisobvaraqqa soliq davri davomida yo‘naltiriladigan ish haqi va boshqa daromadlari miqdori jami mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining yuz baravaridan oshmasligi;
2) ushbu daromadlar o‘n ikki oy ichida hisobvaraqdan qaytarib olinmasligi.
Shahsiy investitsiya hisobvarag‘i bir yil muddatga tuzilgan shartnoma asosida investitsiya vositachisi tomonidan ochiladi va undagi mablag‘lar hisobi yuritiladi.
Shahsiy investitsiya hisobvarag‘ini ochish va undagi mablag‘larni hisobini yuritish mexanizmlari quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
mijoz shaxsiy investitsiya hisobvarag‘ini ochish uchun investitsiya vositachisiga jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini (JSHSHIR) ko‘rsatgan holda ariza va shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etadi;
investitsiya vositachisi shaxsiy investitsiya hisobvarag‘ini ochish va yuritish bo‘yicha mijoz bilan bir yil muddatga shartnoma tuzadi hamda unga shaxsiy investitsiya hisobvarag‘ini ochadi;
mijoz ish haqi va boshqa daromadlarining bir qismi hisobidan shaxsiy investitsiya hisobvarag‘iga badallar o‘tkazib boradi;
investitsiya vositachisi shaxsiy investitsiya hisobvarag‘ini yuritilishini hamda tegishli operatsiyalar amalga oshirilishini ta’minlaydi;
investitsiya vositachisi shaxsiy investitsiya hisobvarag‘iga investitsiyadan olingan daromadlar bo‘yicha soliqni hisoblab chiqadi va soliq organlariga yuboradi hamda mijozga sof daromadni o‘tkazib beradi;
investitsiya vositachisi mijozning shaxsiy investitsiya hisobvarag‘ini yopish to‘g‘risidagi arizasiga muvofiq uning shaxsiy investitsiya hisobvarag‘ini yopadi.
Qarorni ishlab chiqishda yetakchi xorijiy mamlakatlar tajribasi o‘rganildi, jumladan (Buyuk Britaniya (ISA – individual savings account), Germaniya (Rürup-Rente), AQSH (IRA – individual retirement account), Yaponiya (NISA – Nippon individual savings account) va Rossiya (IIS – individualniy investitsionniy schet)).
Mazkur qaror bilan joriy etiladigan shaxsiy investitsiya hisobvarag‘i vositasi mamlakat kapital bozorini rivojlantirishga qaratilgan, jumladan kapital bozorida qo‘shimcha investitsiya resurslari shakllantiriladi, qimmatli qog‘ozlar emitentlari ushbu resurslarini o‘zlarining loyihalarini moliyalashtirish uchun jalb etadi va jismoniy shaxs-investorlar esa qo‘shimcha daromad ko‘rish imkonini beradi.