Yangiliklar
Xitoyda seminar
Pekinda bo‘lib o‘tayotgan “Yashil iqtisodiyot va yangi energetika” mavzusidagi seminarda O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi vakillari ishtirok etmoqda.
XXR Savdo vazirligi huzuridagi Xalqaro tijorat mansabdor shaxslar uchun Akademiya tomonidan tashkil etilgan seminarda, shuningdek, Iqtisodiyot va Moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Qishloq xo‘jaligi, Energetika vazirliklari hamda bir qator loyiha tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Seminarda “yashil” energiya tamoyillari asosida arzon energiya resurslarini izlash va rivojlantirish masalalari muhokama qilinib, Xitoyning yashil va barqaror shaharlar qurish, yashil qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, yangi energetika sohasida katta ma’lumotlardan foydalanish tajribasi ko‘rib chiqildi.
Tegishli obyektlarga tashrif buyurgan ishtirokchilar Xitoyda elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha eng so‘nggi texnologiyalar, yangi energiya texnologiyalari sohasidagi yutuqlar bilan tanishmoqda.
Tadbir yashil iqtisodiyot va yangi energetikani rivojlantirish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, Xitoy Xalq Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida o‘ziga xos almashinuv platformasini yaratish maqsadida tashkil etildi.