Yangiliklar
RASMIY MUNOSABAT
Joriy yil 17 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 3584-son raqami bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining “Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirishga litsenziyalar berilganligi uchun davlat boji miqdorlarini belgilash to‘g‘risida”gi buyrug‘i bugungi kunda Internet tarmog‘ida qator muhokamalarga sabab bo‘lib kelmoqda.
Avvalambor, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-iyuldagi PQ-3832-son “O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni va kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirishga litsenziya berish uchun davlat boji miqdori va uni to‘lash tartibi Agentlik tomonidan belgilanishi keltirilganligini ta’kidlash joiz.
Shu bois, mazkur tartib va miqdorlar jaxon tajribasini hamda ushbu sohada faoliyat yuritib kelayotgan xalqaro kompaniyalar (xalqaro kripto-birjalar) va mutaxassislarning (jumladan, YEI mamlakatlaridan) tavsiyalarini o‘rgangan holda belgilangan hamda Agentlikning rasmiy veb-saytida ochiq va umumiy foydalanilishi mumkin bo‘lgan axborot sifatida joylashtirib kelingan.
Ma’lumot uchun: Internet tarmog‘idan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Gonkongda kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi hizmat provayderi litsenziyasini olish xarajatlarining umumiy miqdori 2,5-25,5 mln. AQSH dollarini tashkil etadi.
Ushbu miqdorlar kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyati turidan kelib chiqib, shuningdek, mamlakat hududiga har xil turdagi firibgarlik loyihalari tashkilotchilarining kirib kelishiga to‘siq bo‘lib xizmat qilishi sifatida belgilangan.
Ma’lumot uchun: misol tariqasida 2017-yildan boshlab Estoniyaning vakolatli organlari tomonidan kripto-aktivlar bilan faoliyatni amalga oshiruvchi qariyib 1,5 mingdan ortiq kompaniyalarga litsenziyalar tarqatib chiqilganligini (litsenziyaning narxi xizmat turidan kelib chiqib, 1 000-1 500 AQSH doll. oralig‘ida belgilangan) keltirish mumkin.
Biroq, 2019-yilga kelib, Estoniya moliya institutlari orqali jinoiy daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan holatlar aniqlangandan so‘ng, hukumat kripto-aktivlar bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar uchun talablarni kuchaytirdi, natijada 500 dan ortiq litsenziyalar bekor qilindi hamda 2020 yilga kelib kripto-bozorda faqatgina bir necha yuz kompaniyalargina qoldi.
Shuni ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi hududida kripto-aktivlar aylanmasi sohasi to‘liq tartibga solingan. Jumladan, jismoniy va yuridik shaxslar uchun kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni (sotib olish, sotish, chiqarish va boshqa) amalga oshirish uchun hech qandayn to‘siqlar mavjud emas.
Shu bilan birga, ushbu sohada amalga oshirilgan barcha ishlarning natijasi sifatida 2024-yilda mamlakatimiz kripto-aktivlar sohasidagi xalqaro reytinglarda 151 mamlakat ichida nufuzli 33-o‘rinni, Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida esa 1-o‘rindaligini keltirish lozim.
Shu bois, ommaviy axborot vositalari hamda inflyuyenserlardan avval ushbu yo‘nalishni tartibga solish yuzasidan mavjud barcha ma’lumotlar bilan yaxshilab tanishib chiqib, undan so‘ng yurtdoshlarimizga ma’lumotlarni to‘g‘ri va to‘liq yetkazishni so‘rab qolamiz.