logo
connect
Oʼzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi
FAQ

Yangiliklar

foto

“Qimmatli qog‘ozlar bozori mijozlarini masofadan raqamli identifikatsiya qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlangandi

26.04.2024
2166

Kapital bozorini yanada rivojlantirish va investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 26 apreldagi 238-sonli qarori bilan “Qimmatli qog‘ozlar bozori mijozlarini masofadan raqamli identifikatsiya qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlandi.

Nizom mijoz – jismoniy shaxslarni, shu jumladan yuridik shaxs nomidan faoliyat olib borish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarni investitsiya vositachilari tomonidan masofadan raqamli identifikatsiya qilish tartibi va shartlarini belgilaydi, bu esa masofadan turib qimmatli qog‘ozlar hisobvarag‘ini ochish imkoniyatini yaratadi.

Mijozlarni raqamli identifikatsiya qilish maqsadida ularning shaxsini tekshirish va identifikatsiya qilish mijoz tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida investitsiya vositachilarining xodimi tomonidan yoki real vaqt rejimida inson aralashuvisiz, investitsiya vositachilarining axborot tizimlari orqali amalga oshiriladi.

Tartibning joriy etilishi investitsiya vositachilari ishiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, mijozlar bilan masofadan turib shartnomalar tuzish va depo hisobvaraqlarini ochish imkonini beradi.

Bu kabi mexanizmlar kapital bozori rivojlangan AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Koreya Respublikasi va boshqa davlatlarda mavjud.

Bugungi kunga qadar O‘zbekistonda mijozlarni masofadan turib raqamli identifikatsiya qilish tartibi faqat tijorat banklari faoliyatida joriy qilingan edi.

Masofadan raqamli identifikatsiya qilish tartibini joriy etish kapital bozorini izchil rivojlantirishning navbatdagi bosqichi bo‘lib, aholining fond bozoridagi ishtirokini yanada rag‘batlantirish, zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali fuqarolarning savdolarda ishtirok etishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.