logo
connect
Oʼzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi
FAQ

Yangiliklar

foto

“O‘zbekistonda Islom moliyasi vositalarini joriy etish: imkoniyatlar va muammolar” mavzusida davra suhbati

13.09.2024
1095

Toshkentda Islom taraqqiyot banki, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi va BMT taraqqiyot dasturi tomonidan tashkil etilgan “O‘zbekistonda Islom moliyasi vositalarini joriy etish: imkoniyatlar va muammolar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Davra suhbatidan ko‘zlangan maqsad – “Kapital bozori to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini taqdim etish, amaldagi qonunchilikka islom moliyasini joriy etishning huquqiy asoslarini yaratish bo‘yicha taklif etilayotgan o‘zgarishlar, xususan, O‘zbekistonda sukuk, yashil sukuk va islom bankingini joriy etish masalalarini muhokama qilishdan iborat.

“Kapital bozori to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish Agentlik faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, u ichki bozorni turli vositalarga ega bo‘lgan mutlaqo yangi bozorga aylantirishni ta’minlash, shu bilan birga investorlar huquqlarini ishonchli kafolatlash va himoya qilishdan iborat.

Agentlik BMTTD va ITBdagi hamkorlar hamda xalqaro maslahatchilar bilan birgalikda islom ishtiroki sertifikatlari, lizing, savdo va agentliklar, shuningdek, islom investitsiya fondlarining ulushlari va bo‘linmalarini o‘z ichiga olgan islom qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha alohida bobni ishlab chiqdi, –  deya ta’kidlab o‘tdi Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak.

Ushbu davra suhbati hukumat va davlat idoralarining asosiy manfaatdor tomonlari uchun O‘zbekistonda islomiy moliya ekotizimini qo‘llab-quvvatlovchi huquqiy muhit va tizimlarni rivojlantirish bo‘yicha muammolar va imkoniyatlarni muhokama qilish uchun noyob imkoniyat yaratdi.