O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori (PQ-136-son, 13.04.2026 yil) qabul qilindi.
Mazkur qaror elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish, zamonaviy logistika infrastrukturasiga ega milliy elektron tijorat makonini shakllantirish, iqtisodiyotda xufiyona aylanma ulushini kamaytirish hamda bozor ishtirokchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.
Asosiy maqsadlar
Qarorga muvofiq, 2026-2030 yillarda:
- elektron tijorat aylanmasini 30 trln. so‘mga yetkazish;
- 7,5 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratish;
- umumiy qiymati 300 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish;
shuningdek, ayrim turdagi tovarlarni import qilishda yagona bojxona to‘lovini joriy etish orqali tashqi savdo operatsiyalarini tartibga solish belgilandi.
Bond ombori faoliyatini tashkil etish
Qaror bilan 2026 yil 1 iyuldan 2028 yil 1 iyulga qadar huquqiy eksperiment tariqasida bond ombori faoliyatini tashkil etish ma’qullandi.
Bond ombori – jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan tovarlarni maxsus elektron savdo platformalari orqali chakana sotish uchun ularni vaqtincha saqlashga mo‘ljallangan yangi turdagi erkin ombor hisoblanadi.
Bond omborlari faoliyati tartibi
Eksperiment doirasida:
- bond ombori erkin ombor faoliyatini litsenziyalash tartibi asosida tashkil etiladi;
- tovarlarni sotish Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan yuritiladigan maxsus elektron savdo platformalari reyestriga kiritilgan platformalar orqali amalga oshiriladi;
- tovarlar erkin ombor bojxona rejimiga muvofiq joylashtiriladi va jismoniy shaxslarga chakana sotishga ruxsat beriladi;
- tovarlar jo‘natmalar deklaratsiyasi asosida bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkaziladi;
- muvofiqlikni baholash, sanitariya, fitosanitariya va veterinariya nazorati choralari qo‘llanmaydi, bunda ushbu talablarga muvofiqlikni ta’minlash bo‘yicha javobgarlik bond omborlari operatorlari zimmasiga yuklanadi;
- rezidentlar tomonidan tovarlar joylashtirilganda aktivlarni repatriatsiya qilish talabi bajarilgan deb hisoblanadi;
- respublika hududidan ichki bozor uchun bond omboriga tovar joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi (eksport uchun mo‘ljallangan hollar bundan mustasno).
Dori vositalarining onlayn savdosi
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 3 oy muddatda dorixona va dorixonalar tarmoqlarida marketpleys va agregatorlar orqali onlayn savdo yuritish yuzasidan tegishli o‘rganish o‘tkazish.
Bunda:
- har bir dorixona onlayn-buyurtmalarni tarqatish punkti bo‘lishi;
- Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan kuryerlik xizmati (maxsus haroratni talab qiluvchi dorilarni termokonteynerda tashish, dori o‘ramini ochishni taqiqlash) uchun aniq talablarni ishlab chiqish nazarda tutiladi.
Idoraviy mansub tashkilotlar