Yangiliklar
O'zbekiston Respublikasi davlat bayrog'i qabul qilingan kun bilan tabriklaymiz!
O‘zbekiston bayrog‘i – ozodlik va istiqlol timsoli sifatida qalbimizda faxr va iftixor uyg‘otadi. Zero, davlat ramzlari – milliy suverenitet ramzi va mamlakatning xalqaro maydondagi timsoli hisoblanadi.
Ma’lumki, 1991 yil 18 noyabr kuni «O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilingani xalqimiz hayotida muhim tarixiy voqea bo‘ldi hamda O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining tamal toshlaridan biriga aylandi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining
31 yilligi munosabati bilan, ushbu kunga bag‘ishlab O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligida «Muqaddasdir Vatan bayrog‘i!» tantanali ma’naviy-ma’rifiy tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda Agentlik direktor o‘rinbosari Maqsudov Davron Sanjarxo‘jayevich so‘zga chiqdi va tadbirni kirish so‘zi bilan ochib, tadbir ishtirokchilariga «O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi Qonunining mazmun-mohiyati, bayroqning ramziy ma’nosi, uning tarixi, o‘zini ushbu mamlakatning farzandi va fidoyisi deb bilgan har bir kishi bayroqni hurmat qilishi muhimligi haqida gapirib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining ramziy ma’nosi, boshqa rasmiy ramzlar qatorida davlatning tashkil topishi bilan bog‘liq eng yaxshi an’analar va tarixiy bog‘liqlikni o‘zida mujassam etadi hamda respublikaning tabiiy xususiyatlarini, xalqining milliy-madaniy o‘ziga xosligini aks etib turadi.
Bugun O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i xalqimizning qadriyatlarini aks ettiruvchi, mamlakatning o‘tmishi, buguni va kelajagi timsoli bo‘lib, har bir fuqaro uchun muqaddasligini bildiradi hamda
o‘z Vatani uchun faxr tuyg‘usini uyg‘otadi.
Hurmatli Vatandoshlar!
Sizlarni Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan
chin yurakdan tabriklaymiz.
Vatanimizning bayrog‘i boshimiz uzra balandda doimo hilpirab tursin!