Yopish
dark/lightmode
special-mode
NAPP

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.

Nima bilan shug‘ullanamiz arrow-right

Yangiliklar

Majburiy sug‘urta tizimi takomillashtirilmoqda

15.07.2025
51

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishning kompleks chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024 yil 1 martdagi PQ–108-son qarori ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari haqida”gi qarori (keyingi o‘rinlarda – qaror) qabul qilindi.

Qaror majburiy sug‘urta tizimini takomillashtirish, sug‘urta bozorining shaffofligini ta’minlash va sug‘urtalangan shaxslarning huquqlarini kuchaytirishga qaratilgan.

Qaror bilan:

  1. transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi:

aktuar hisob-kitoblar asosida sug‘urta tariflari qayta ko‘rib chiqilib, sug‘urta summalari va mukofotlari bozor tamoyillariga muvofiqlashtirildi.

2026 yil 1 yanvardan boshlab transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta summasini 80 mln so‘mgacha (amalda 40 mln so‘m) oshirilishi belgilandi, bu o‘z navbatida YTH natijasida jabrlangan shaxslarning mol-mulkiga, hayotiga va sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar miqdorini qoplash uchun yo‘naltiriladigan mablag‘ning bugungi kun talabiga mos ravishda bo‘lishiga xizmat qiladi.

Haydovchilar soniga qarab cheklangan va cheklanmagan polislarni rasmiylashtirish mexanizmi belgilandi. Bunda aybdor deb topilgan sug‘urta qildiruvchining sug‘urtalovchisi tomonidan sug‘urta da’volari va boshqa nizolarni ko‘rib chiqish tartibi aniqlashtirildi.

  1. Sug‘urta to‘lovlarini kafolatlash jamg‘armasiga transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtasi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan huquqiy maslahat hamda YTH to‘g‘risidagi xabarnoma bilan bog‘liq adjasterlik xizmatini ko‘rsatish funksiyasi qo‘shildi.
  2. Majburiy sug‘urtalash majburiyatining bajarilishini nazorat qilish uchun mas’ul organlar va Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimini yuritish tartibi aniqlashtirildi.
  3. Manfaatdor davlat organlari bilan majburiy sug‘urta bo‘yicha elektron ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
  4. 2026 yil 1 apreldan Yagona sug‘urta billing tizimi joriy etiladi. Bu polislarni rasmiylashtirishda sug‘urta mukofotlari tushumlarining markazlashtirilgan hisobini yuritilishini ta’minlaydi.
  5. Fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilmagan shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortish mexanizmlarini takomillashtirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.

Mazkur qaror sug‘urta sohasidagi tizimli islohotlarning uzviy davomi bo‘lib, majburiy sug‘urta turlarini takomillashtirish, hujjatlashtirish va axborot almashinuvi mexanizmlarini raqamlashtirish orqali nazoratni kuchaytirishga qaratilgan.