logo
connect
Oʼzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi
FAQ

Yangiliklar

foto

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni qabul qilindi

26.04.2024
2784

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti "Lotereyalarni va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PF-68-son Farmonni (keyingi o‘rinlarda – Farmon) imzoladi.

Farmonga muvofiq, 2025 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasida Internet butunjahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini va bukmekerlik faoliyatini litsenziyalar asosida amalga oshirish tartibi joriy etilmoqda.

Farmon tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar va lotereyalarni tashkil etish bilan bog‘liq faoliyatni tartibga solish sohasida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish maqsadida ilg‘or xorijiy tajribani chuqur o‘rganish asosida ishlab chiqildi. Farmonni tayyorlash jarayonida Singapur, Vengriya, Janubiy Koreya, Gruziya va boshqa bir qator davlatlarning tajribasi o‘rganildi.

Ta’kidlash joizki, Farmonda nazarda tutilgan choralar, birinchi navbatda, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, qimor o‘yinlariga qaramlikning oldini olish va unga qarshi kurashish, shuningdek, mablag‘larning mamlakatdan chiqib ketishining oldini olishga qaratilgan. Xususan, Farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlar milliy provayderlarning tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini tashkil etish va ular faoliyatini monitoring qilish, o‘yinlarga haddan tashqari qaram bo‘lgan shaxslarni va ayrim toifadagi fuqarolarni o‘yinlarda qatnashishdan himoya qilish bo‘yicha faoliyatini tashkil etish mexanizmlarini joriy etishni o‘z ichiga oladi.

Farmonning amalga oshirilishi Internet tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar, bukmekerlik faoliyati va lotereyalar tashkil etish bilan bog‘liq faoliyatni huquqiy tartibga solish uchun ishonchli asos yaratadi, qonuniy ravishda tashkil etilgan o‘yinlarda ishtirok etayotgan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish va qimor o‘yinlariga qaramlikka qarshi kurashning samarali mexanizmlarini joriy etadi, shuningdek, davlat budjetiga turli ijtimoiy maqsadlarga yo‘naltirilishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha daromad manbalarini ta’minlaydi.