Yopish
dark/lightmode
special-mode
NAPP

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.

Nima bilan shug‘ullanamiz arrow-right

Yangiliklar

Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tartibga solish maqsadida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar yuzasidan MA’LUMOT

08.07.2025
89

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, “Litsenziyalash, ruxsat etish va xabardor qilish to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 19 apreldagi PF-68-son “Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 6 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024 yil 19 apreldagi PF-68-son Farmoni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 814-son qarorlariga muvofiq, loteryalar va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tartibga solish borasida qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan hamda Adliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

1. Internet butunjahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risidagi nizom.

Mazkur nizom bilan quyidagi faoliyat turlarining litsenziyalash tartibi belgilangan:

– Internet tarmog‘idagi o‘yinlarni tashkil etish faoliyati;

– lotereyalarni tashkil etish faoliyati;

– bukmekerlik faoliyati belgilangan.

Litsenziya talablari va shartlari belgilangan, xususan:

– mazkur faoliyat turlari faqat O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari – yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi;

– O‘zbekiston Respublikasi hududidagi serverlarda joylashgan elektron platforma mavjudligi;

– ariza berilgan sanada mablag‘ shaklida shakllantirilgan tegishli miqdordagi ustav kapitali mavjudligi;

– yutuqlar bo‘yicha qarzdorlikni to‘lash, stavkalarni qaytarib berish, soliq majburiyatlar va boshqa qarzdorliklarni qoplash maqsadida faoliyat tashkilotchilari tomonidan tegishli miqdorida mablag‘ shaklida rezerv fondini zaxiraga qo‘yilishi;

– faoliyatni amalga oshirishda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarining tarqalishini moliyalashtirishga qarshi kurashish, shaxsga doir ma’lumotlarni saqlash va ulardan foydalanish hamda reklama sohasidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilinishi;

– faoliyat tashkilotchilari va mulkdorlari ishchanlik obro‘siga doir talablar;

– Internet jahon axborot tarmog‘i milliy segmentidagi faqat bitta domen nomidan foydalangan holda faoliyatni amalga oshirilishi;

– Internet tarmog‘ida o‘yinlar, bukmekerlik garovlarida ishtirok etish uchun mablag‘larni qabul qilish, lotereya chiptalarini sotib olish va yutuqlarni to‘lash faqat Stavkalar va o‘yinchilarning yagona davlat registri orqali amalga oshirilishi;

– tashkilotchilar tomonidan o‘z xizmatlarini ko‘rsatishlari jarayonida foydalanayotgan o‘yinlar uskunalari, dasturiy ta’minot hamda boshqa qurilmalar tegishli muvofiqlikni baholash bo‘yicha organlarning va sinov laboratoriyalarning tegishli sertifikatiga ega bo‘lishlari lozimligi va boshqalar.

2. Internet tarmog‘idagi tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar, lotereya va bukmekerlik garovlarida qatnashishi taqiqlangan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari va chet el fuqarolarining toifalari ro‘yxati.

Hujjat bilan Internet tarmog‘idagi tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar, lotereya va bukmekerlik garovlarida qatnashishi taqiqlangan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari va chet el fuqarolarining quyidagi toifalari ro‘yxati belgilangan:

1. sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan yoki muomala layoqati cheklangan shaxslar;

2. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar va ularning oila a’zolari;

3. “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va (yoki) “Ayollar daftari”ga kiritilgan shaxslar;

4. voyaga yetmagan shaxslar;

5. prokuratura organlari, ichki ishlar, Milliy gvardiya va bojxona organlari xodimlari;

6. harbiy xizmatchilar;

7. xizmatni o‘tash vaqtida qo‘riqlash bo‘linmalarining harbiy xizmatchilari, xodimlari, ishchilari va xizmatchilari;

8. O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligining xodimlari;

9. chet el fuqarolari – xorijiy davlatlar vakolatli organlarining O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali ularning fuqarolarini O‘zbekiston Respublikasi hududida tashkil etilgan Internet tarmog‘idagi tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar, lotereya va bukmekerlik garovlarida qatnashishini taqiqlash bo‘yicha so‘rovlari asosida. 

3. Stavkalar va o‘yinchilar yagona davlat registri to‘g‘risidagi nizom

Nizom bilan Stavkalar va o‘yinchilar yagona davlat registr (keyingi o‘rinda – Registr)ini yuritish tartibini belgilangan.

Registrning asosiy vazifalari etib:

– o‘yinlarni tashkil etishda moliyaviy operatsiyalarni konsolidatsiyalashgan holda hisobga olish va nazorat qilish;

– o‘yinlarni tashkil etishda davlat nazoratini amalga oshirish maqsadida zarur bo‘lgan ma’lumotlarni yig‘ish (shakllantirish), saqlash, tizimlashtirish va taqdim etish;

– o‘yinlarni tashkil etishda o‘yinchilar va investorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;

– o‘yinlarni tashkil etishda noqonuniy faoliyatning oldini olish, o‘yin qaramligi ko‘rinishlarining profilaktikasi va ularni kamaytirishga ko‘maklashish belgilangan.

Registrning funksiyalari etib:

– jismoniy va yuridik shaxslarning markaziy ma’lumotlar bazalari bilan o‘zaro hamkorlik qilish;

– o‘yinchilar, o‘yinlar tashkilotchilari va hodisalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va saqlash;

– barcha tranzaksiyalarni, shu jumladan mablag‘larni qabul qilish, yutuqlarni to‘lash, stavkalar, ularning natijalari va qaytarishlarning hisobini yuritish;

– o‘yinlar bozorining dinamikasi va hajmlari to‘g‘risida hisobotlarni shakllantirish;

– o‘yinchilar hamda investorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish;

– mas’uliyatli o‘yin tamoyili mexanizmlarini joriy etish;

– Ro‘yxatga, cheklovlar ro‘yxatiga va qaram shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan shaxslarni platformalarga kirishining oldini olish va cheklash belgilangan.

4 ва 5. Internet butunjahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom hamda Bukmekerlik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom.

Nizomlar bilan mamlakatimiz hududida Internet butunjahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni hamda bukmekerlik faoliyatini tashkil etish, o‘tkazish va amalga oshirish tartibi belgialngan.

Jumladan, ushbu hujjatlarga muvofiq, tashkilotchilar zimmasiga:

– o‘z faoliyatini qonunchilik talablariga muvofiq amalga oshirishlari;

– elektron platformalarning zarur darajada ishlashini va kiberxavfsizligini ta’minlashlari, shuningdek elektron platformalarni himoya qilish va ularga ruxsatsiz kirishning oldini olish choralarini ko‘rishlari;

– o‘z faoliyatlarini amalga oshirishlari uchun Registr bilan integratsiya qilishni ta’minlashlari;

– o‘yinchilarga ular majburiy raqamli (masofadan) identifikatsiyadan o‘tganidan hamda qonunchilikka muvofiq boshqa choralar qo‘llanilganidan so‘ng o‘yinga kirishiga ruxsat berishlari;

– qonunchilikda belgilangan reklama talablariga rioya etilishini ta’minlashlari yuklatilgan.

Tashkilotchilarga:

– voyaga yetmagan shaxslarga o‘z xizmatlarini ko‘rsatishlari;

– tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarga qaram bo‘lgan shaxslar hamda cheklovlar ro‘yxatlariga kiritilgan shaxslar bilan munosabatlar o‘rnatishlari;

– qonunchilik talablariga javob bermaydigan o‘yin uskunalari, dasturiy ta’minot yoki boshqa qurilmalar orqali faoliyatlarini tashkil etishlari, o‘tkazishlari yoki amalga oshirishlari;

– litsenziyada ko‘rsatilmagan domen nomi orqali o‘z xizmatlarini ko‘rsatishlari;

– o‘yinchilarga kredit, bo‘lib to‘lash va (yoki) qarz mablag‘lari taqdim etish orqali, shu jumladan uchinchi shaxslarning mablag‘laridan foydalangan holda keyinchalik to‘lash sharti bilan bitimlarni tuzish va (yoki) taklif etishlari;

– depozitlarni qabul qilish, bitimlarni tuzish va yutuqlarni to‘lashda naqd shakldagi va (yoki) boshqa shakllardagi pul mablag‘laridan foydalanishlari va boshqalar ta’qiqlangan.

Shuningdek, mazkur Nizomlar bilan, uyinlar va garovlarga qo‘yiladigan tegishli talablar, mas’uliyatli o‘yin tamoyilini amalga oshirish vazifalari hamda tashkilotchilarning elektron platformalarida joylashtiriladigan ma’lumotlarga bo‘lgan talablar ham belgilab o‘tilgan.

6. Internet butunjahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchilariga hamda lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazish sohasida O‘zbekiston Respublikasi rezidentlariga noqonuniy xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy yuridik shaxslarga jarima qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizom.

Nizom bilan Agentlik  tomonidan Internet butunjahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchilariga hamda lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazish sohasida O‘zbekiston Respublikasi rezidentlariga noqonuniy xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy yuridik shaxslarga nisbatan jarimalar qo‘llash tartibi belgilangan.

Jumladan, mazkur hujjat bilan jarimalarni qo‘llash asoslari va tartibi hamda Agentlik tomonidan ushbu masala yuzasidan qabul qilingan qarorlari ustidan shikoyat qilish tartiblari keltirilgan.

Shuningdek, Nizomning 1 va 2-ilovalariga muvofiq qoidabuzarliklar turlari (nomlari) va qo‘llaniladigan jarimalar miqdorlari tasdiqlangan.

Yuqoridagi normativ-hujjatlarni qabul qilinishi, avvalam bor, iste’molchilar va aholining zaif qatlamlarini himoya qilishga, xususan voyaga yetmaganlarni, ushbu turdagi o‘yinlarga qaram bo‘lgan hamda cheklovlar ro‘yxatlariga kiritilgan shaxslarni ushbu o‘yinlarga kirishlariga yo‘l qo‘ymaslikka, shuningdek, jinoyatchilik darajasini pasaytirishga qaratilgan.