O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasining qo‘shma qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 17 apreldagi PQ-143-son “Qoraqalpog‘iston Respublikasida maxsus mayning zonasini tashkil etish va uning faoliyatini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun yig‘imlar miqdorini belgilash, ularni to‘lash va taqsimlash tartibi to‘g‘risidagi Nizomga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi (2026 yil 27 iyul, ro‘yxat raqami 3388-2).
Kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida tashkil etilgan “Besqala Mining Valley” maxsus mayning zonasi rezidentlari 2035 yil 1 yanvarga qadar kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun belgilangan yig‘imlarni to‘lashdan ozod etiladi.
Ushbu imtiyoz maxsus mayning zonasi rezidentlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va ularning daromadlarini oshirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.