logo
connect
Oʼzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi
FAQ

Yangiliklar

foto

O‘zbekistonda islom moliyasi va sukuk/yashil sukuk mavzusida trening

17.10.2024
113

Toshkentda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (Agentlik), Islom taraqqiyot banki, BMTTD hamda Istanbul Xususiy sektorni rivojlantirish xalqaro markazi (ICPSD) hamkorligida tashkil etilgan O‘zbekistonda islom moliyasi va sukuk/yashil sukuk bo‘yicha ikki kunlik trening o‘z ishini boshladi.

Islom taraqqiyot banki instituti va BMTTD Istanbul xususiy sektorni rivojlantirish xalqaro markazi ekspertlari va maslahatchilari tadbirda ma’ruza qiladilar. Treningda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Markaziy bank vakillari ishtirok etmoqda.

Ushbu treningdan ko‘zlangan asosiy maqsad – hukumat vakillari va boshqa manfaatdor tomonlarning islom moliyasi, uning roli, ahamiyati va moliyaviy barqarorlikning asosiy tamoyillari haqida xabardorligini oshirishdan iborat.

“Agentlik yashil sukukni muvaffaqiyatli ishga tushirish va ishlatish uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan qator chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, yashil sukukning chiqarilishi va muomalasini tartibga solish bo‘yicha meyoriy-huquqiy bazani yaratish, ilg‘or tajriba va standartlarni o‘rganish va qo‘llash maqsadida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, mahalliy va xalqaro sarmoyadorlarning xabardorligi va ishonchini oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”, - deya ta’kidladi o‘z nutqida S. Xudayberdiyev, Agentlikning Kapital bozorini rivojlantirish departamenti boshlig‘i v. b.

Ishtirokchilarga islom moliyasi va sukuk/yashil sukuk sohasidagi asosiy tushunchalar, ilg‘or xalqaro tajribalar va so‘nggi ishlanmalar, sukuk va yashil sukukning o‘ziga xos xususiyatlari, sukukning turlari, ularning asosiy shartnomalari, tuzilmalari taqdim etildi, O‘zbekistonda sukuk chiqarish bo‘yicha meyoriy-huquqiy bazani yaratish istiqbollari, uning xalqaro tamoyillar va standartlarga muvofiqligi, tashqi ekspertiza va hisobotlarning ahamiyati muhokama qilindi.

Mazkur tadbir davomida olingan bilimlar ilg‘or xalqaro tajribaga muvofiq O‘zbekistonda islom moliyasini joriy etish mexanizmlarini ishlab chiqishda qo‘llaniladi.