logo
connect
Oʼzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi
FAQ

Yangiliklar

foto

“Iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlar xavfini moliyalashtirish” mavzusida BMTTD treningi

18.04.2024
1586

Samarqandda BMTTDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (Agentlik) bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlar xavfini moliyalashtirish” mavzusidagi trening o‘z ishini boshladi.

O‘zbekiston sug‘urta kompaniyalari, iqtisodiyot va moliya, qishloq xo‘jaligi vazirliklari, Sug‘urta bozori professional ishtirokchilari uyushmasi, Gidrometeorologiya xizmati markazi vakillari hamda xalqaro ekspertlar treningda ishtirok etdilar.

Treningning asosiy maqsadi davlat idoralari va sug‘urta tashkilotlari miqyosida O‘zbekiston sug‘urta bozori ishtirokchilarining iqlim va tabiiy ofatlar bilan bog‘liq xavflarni moliyalashtirish bo‘yicha malakasini oshirishdan iborat.

“Agentlik xalqaro tashkilotlar va sug‘urta bozori ishtirokchilarining tabiiy ofatlar va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavflarni moliyalashtirishni diversifikatsiya qilish borasidagi taklif va tadbirlarini olqishlaydi va to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Umid qilamizki, trening jarayonida olingan bilimlar kelgusida sug‘urta kompaniyalarini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish jarayonida qo‘llaniladi, – dedi Agentlik direktori o‘rinbosari Davron Maqsudov o‘zining tabrik so‘zida.

O‘quv tadbiri dasturi iqlim va tabiiy ofatlar xavfini moliyalashtirishning muhim jihatlarini, jumladan, tabiiy ofatlar xavfini moliyalashtirishning yechimlari, asosiy tamoyillari, kompleks moliyaviy himoya strategiyasi hamda moliyaviy himoya mexanizmlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda zarur bo‘lgan operatsion matritsaning muhim elementlarini qamrab oladi.

Treningni BMTTD eksperti, infratuzilmaning tabiiy ofatlar, iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshirish va muhim infratuzilmada fiskal risklarni baholashda katta tajribaga ega bo‘lgan professor Kamol Ahmad olib bormoqda.

Trening BMTTDning “O‘zbekistonda sug‘urta va xavflarni moliyalashtirish mexanizmini joriy etish” global loyihasi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi loyiha ishtirokchi-davlatlariga O‘zbekistonning sug‘urta bozorini rivojlantirishda, jumladan sug‘urta polisini mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish dasturiga integratsiyalash, inklyuziv sug‘urtani rivojlantirish, suveren xavflarni, tabiiy ofatlar xavfini moliyalashtirish, sug‘urta sohasiga qo‘shimcha investitsiyalarni kiritishda yordam ko‘rsatishdan iborat.