O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb ataladi) tomonidan Investitsiya platformalari sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimini taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi (ro‘yxat raqami-3753, 12.01.2026-y.).
Ushbu maxsus huquqiy rejim O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 avgustdagi PP-255-sonli Farmoniga muvofiq joriy etilgan, uning doirasida muqobil investitsiya mexanizmlarini yaratish maqsadida moliya bozorining yangi segmenti sifatida investitsiya platformalarini ishga tushirish va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar sinovdan o‘tkazilmoqda.
Investitsiya platformalari investorlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy resurslarni jalb etish imkonini beradi, bu esa, ayniqsa, fond bozoriga chiqishi qiyin yoki hali erta bo‘lgan startaplar hamda kichik va o‘rta biznes subyektlari uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Belgilangan faoliyat turlari elektron platforma orqali ulushlarga investitsiya kiritish, sherikliklarda ishtirok etish, venchur kapital, pay va boshqa loyihaga asoslangan investitsiya shakllarini o‘z ichiga oladi.
Fond bozoridan farqli o‘laroq, platformalar orqali investitsiyalar qimmatli qog‘ozlarni chiqarish va muomalasi bilan bevosita bog‘liq emas va investitsiya vositachilarining ishtirokini, listingdan o‘tishni va birja standartlariga muvofiq axborotni oshkor qilishni talab qilmaydi.
Hujjat bilan maxsus huquqiy rejim ishtirokchilarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi, ularni investitsiya platformalari operatorlari reyestriga kiritish shartlari, shuningdek, ishtirokchilar safidan chiqarish asoslari belgilandi. Maxsus huquqiy rejim ishtirokchilari faqat investitsiya platformalarining operatorlari sifatida faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar - O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari bo‘lishi mumkin.
Investitsiya platformasi quyidagilarni ta’minlaydigan kompleks dasturiy-texnik va tashkiliy mexanizm bo‘lishi kerak:
investitsiya takliflarining va investitsiyalash tavakkalchiliklarining shaffofligi;
suiiste’molliklar va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish;
investitsiyalash shartnomalarini elektron tarzda tuzish;
investorlar huquqlarini hisobga olish, saqlash va tasdiqlash;
platforma, operator, ma’lumotlarni oshkor qilish, investorlarni himoya qilish va AML/CFT qonunchiligiga rioya qilish bo‘yicha talablarni bajarish;
hisob-kitoblarni faqat nominal va (yoki) eskrou hisobvaraqlari orqali amalga oshirish;
ma’lumotlarni oshkor qilish hamda investorlar va loyiha egalari o‘rtasida ishonchni shakllantirish.
Investitsiya platformalarini joriy etish va keyinchalik ularning faoliyatini kengaytirish respublikada investitsiya faoliyatini faollashtirishning huquqiy asoslarini shakllantirish imkonini beradi, bu esa quyidagilarga qo‘shimcha rag‘batlantiradi:
biznesni, shu jumladan kichik korxonalar, startaplar va loyiha kompaniyalarini moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish;
xususiy investorlar, shu jumladan jismoniy shaxslar va norezidentlarning investitsiya faoliyatida uyushgan va tartibga solinadigan asosda ishtirok etishini kengaytirish;
axborot texnologiyalaridan foydalangan holda investitsiya shartnomalarini tuzish, huquqlarni hisobga olish va hisob-kitoblarni amalga oshirishning raqamli kanallarini joriy etish.
Idoraviy mansub tashkilotlar