logo
connect
Oʼzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi
FAQ

Yangiliklar

foto

INATBA HMO ning VII yig‘ilishi

25.05.2023
1424

2023 yil 25 may kuni Ishonchli blokcheyn-ilovalari xalqaro assotsiatsiyasi – International Association of Trusted Blockchain Applications (INATBA) Hukumat maslahat organi (HMO)ning 7-chi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (Agentlik) vakillari ishtirok etdilar. INATBA HMO – bu ma’lumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyasini joriy etish va rivojlantirish hamda kripto-aktivlar aylanmasi sohalarini tartibga soluvchi organlar, davlat organlari va boshqa xalqaro tashkilotlari o‘rtasidagi ko‘p tomonlama muloqot maydoni hisoblanadi. Bugungi kunda AQSH Federal rezerv tizimi, Yaponiyaning Iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi, Germaniyaning Iqtisodiyot va iqlimni muhofaza qilish federal vazirliklari va boshqalar INATBA HMO a’zolari qatoridan joy olganlar.

Agentlik vakili kripto-aktivlar aylanmasi sohasini huquqiy tartibga solish sohasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida yig‘ilish qatnashchilariga ma’ruza qildi. Xususan, Maxsus rejim doirasida ma’lumotlarning taqsimlangan reyestridan foydalangan holda ishlab chiqilayotgan loyihalar, O‘zbekistonda kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmat provayderlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Ma’lumot uchun:

2022 yil oktabr oyida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi INATBA Direktorlari Kengashining taklifiga binoan HMOning rasmiy a’zosi etib qabul qilindi.

INATBA – bu istiqbolli raqamli texnologiyalarni faol rivojlantirish va joriy etishga ko‘maklashish maqsadida 2019 yilda tashkil etilgan va xalqaro tan olingan tuzilma hisoblanadi.

Agentlikning INATBA HMOga a’zo bo‘lishi xalqaro hamkorlikni kengaytirish, xorijiy davlatlarning tartibga soluvchi organlari va xususiy sektor vakillari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni tashkil etishga, kripto-aktivlar aylanmasi sohasini huquqiy tartibga solish va ma’lumotlarning taqsimlangan reyestri (“blokcheyn”) texnologiyasini joriy etish sohasida ilg‘or tajriba almashishga xizmat qiladi.