O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasida mutaxassis va ekspertlar ishtirokida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi yuzasidan seminar bo‘lib o‘tdi.

Mazkur hujjat Qonunchilik palatasining 2023 yil 5 sentabr kuni konseptual jihatdan qabul qilingan.
Raqamli texnologiyalar hamda kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olishga yo‘naltirilgan qonun loyihasini ishlab chiqish uchun zarurat so‘nggi yillarda sohada ortib borayotgan huquqbuzarlik holatlari hisoblanadi.

Seminarda kripto-aktivlar sohasida noqonuniy mayning bilan shug‘ullanish holatlarining ortib borishi ta’kidlab o‘tildi. Jumladan, ushbu faoliyatni yashirincha amalga oshirish energiya resurslariga tushadigan og‘irlikdan tashqari, nazoratga olinmagan anonim kripto-aktivlarning xalqaro jinoyatchilikni moliyalashtirilishi uchun sarflanish xavfi mavjud.
Deputatlar, vazirliklar, idoralar, soha mutaxassislari, oliy ta’lim tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari ishtirok etgan mazkur seminar barcha uchun foydali bo‘ldi.
