Yangiliklar
Qimmatli qog‘ozlar daromadlari (dividendlar, foizlar) to‘lovlarini “Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi” AJ va (yoki) investitsiya vositachilari orqali amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom qabul qilindi
Kapital bozorini yanada rivojlantirish, uning infratuzilmasini takomillashtirish, investorlarni kapital bozoriga jalb etishni rag‘batlantirish va ularning mahalliy fond bozoriga ishonchini oshirishhamda qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha daromadlarni to‘lash tartibini takomillashtirish maqsadida O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirib kelinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 2 sentabrdagi PQ-291-son “Kapital bozorini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan Qimmatli qog‘ozlar daromadlari (dividendlar, foizlar) to‘lovlarini “Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi” AJ va (yoki) investitsiya vositachilari orqali amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi Nizom ishlab chiqildi va tasdiqlandi (ro‘yxat raqami 3523-son, 2024 yil 28 iyun) (keyingi o‘rinlarda – Nizom).
Nizomga muvofiq, Markaziy depozitariyda emitent va qimmatli qog‘ozlar egalariga qimmatli qog‘ozlar daromadlarini to‘lash uchun shaxsiy hisobvaraqlar ochiladi. Jismoniy shaxslar o‘z shaxsiy hisoblarini Markaziy depozitariy mobil ilovasi va (yoki) investitsiya vositachisi yordamida masofadan turib boshqarishi mumkin.
Markaziy depozitariy yoki investitsiya vositachisi tomonidan qimmatli qog‘ozlar daromadlari kelib tushgan kundan e’tiboran ikki ish kuni ichida qimmatli qog‘ozlar egalari reyestriga kiritilgan jismoniy shaxslarning shaxsiy hisobvaraqlariga ularga tegishli bo‘lgan pul mablag‘lari o‘tkaziladi.
Qog‘ozlar egalari reyestriga kiritilgan yuridik shaxslarga ularning qimmatli qog‘ozlar daromadlari ular kelib tushgan kundan boshlab uch ish kuni ichida qimmatli qog‘ozlar egalarining reyestrida ko‘rsatilgan yuridik shaxslarning bank hisobvaraqlariga o‘tkaziladi.
Jismoniy shaxslarning shaxsiy hisobvaraqlariga qimmatli qog‘ozlar daromadlari o‘tkazilganidan so‘ng jismoniy shaxslar ushbu mablag‘larni Markaziy depozitariyning va (yoki) investitsiya vositachisining mobil ilovasidan foydalangan holda o‘zlarining tijorat banklarida ochilgan bank hisobvaraqlariga, shu jumladan bank kartalariga o‘tkazishlari mumkin.
Mazkur hujjat ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, investorlar (aksiyadorlar) uchun qimmatli qog‘ozlar (dividendlar, foizlar) bo‘yicha daromad olish jarayonini sezilarli darajada soddalashtirish va tezlashtirish, qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha daromadlarni hisoblash va to‘lash jarayonini avtomatlashtirishga qaratilgan.
Mazkur Nizomni ishlab chiqish jarayonida Koreya, Misr, Portugaliya, Saudiya Arabistoni, Tayland va Qozog‘iston tajribasi o‘rganildi.