Yopish
dark/lightmode
special-mode
NAPP

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.

Nima bilan shug‘ullanamiz arrow-right

Yangiliklar

Bond omborlari faoliyatini tashkil etish va ular orqali tovarlarni sotish tartibi tasdiqlandi

18.07.2026
55

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2026 yil 13 apreldagi PQ–136-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, tovarlarni bond omborlari orqali sotishni yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Bond omborlari faoliyatini tashkil etish va ular orqali tovarlarni sotish tartibi to‘g‘risida”gi qaror (VMQ-388-son, 16.07.2026 yil) tasdiqlandi.

Bond ombori - xorijiy tovarlarni “erkin ombor” bojxona rejimida bojxona nazorati ostida saqlash hamda rezidentlar va norezidentlar tomonidan maxsus elektron savdo platformalari orqali jismoniy shaxslarga notijorat maqsadlarda o‘z ehtiyojlari uchun chakana sotishga mo‘ljallangan, binolar va (yoki) ochiq maydonlar, shu jumladan, erkin ombor hududini o‘z ichiga olgan maxsus jihozlangan va belgilangan joy hisoblanadi.

Mazkur qaror bilan:

Bond ombori faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom 1-ilovaga muvofiq;

Maxsus elektron savdo platformalari orqali jismoniy shaxslarga tovarlarni chakana sotish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom
2-ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

Bond omborlari reyestriga kiritish talablari:

- bond ombori joylashgan hududda amaldagi litsenziyaga ega erkin ombor mavjudligi;

‑ maxsus elektron savdo platformasi bilan o‘zaro hamkorlik yoki sheriklik to‘g‘risida shartnoma mavjudligi;

‑ bojxona organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan, nazorat qilinadigan tovarlar bond omboriga kelib tushgan paytdan boshlab bojxona nazoratidan chiqarilguniga qadar ularning barcha harakat jarayonlarini to‘liq nazorat qila oladigan avtomatlashtirilgan elektron hisob yuritish tizimining mavjudligi;

‑ mulk huquqi, egalik qilish, foydalanish yoki ijara huquqlari asosida umumiy maydoni kamida 15 000 kvadrat metr bo‘lgan yaxlit erkin omborga ega bo‘lish.

Maxsus elektron savdo platformalari reyestriga kiritish talablari:

а) O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxsi shaklida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;

  1. b) O‘zbekiston Respublikasining shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etishilishini ta’minlash;
  2. v) quyidagilardan iborat infratuzilmaning mavjudligi:

- onlayn nazorat-kassa mashinasi yoki virtual kassa;

‑ respublika hududi bo‘yicha yetkazib berish xizmatini ko‘rsatuvchi tashkilot (tashkilotlar) bilan shartnomaning mavjudligi yoki butun mamlakat bo‘ylab buyurtmalarni yetkazib berishni ta’minlaydigan, yuk tashish uchun mo‘ljallangan o‘zining (mulk, ijara yoki lizing huquqi asosidagi) transport vositalarining mavjudligi;

- mulk huquqi, egalik qilish, foydalanish yoki ijara huquqlari asosida bond omboriga ega bo‘lishi yoxud bond omborlari reyestriga kiritilgan operatorlar bilan ombor xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha shartnomaga ega bo‘lish;

- respublika hududi bo‘yicha shahar va tumanlarda buyurtmalarni topshirish punktlari, shuningdek, operatsion omborlar (shu jumladan, saralash markazlari (agar mavjud bo‘lsa) va boshqa logistika infratuzilmasi mavjudligi.

Shu bilan birga, qarorda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi bond omborlari reyestrini shakllantirish va yuritish bo‘yicha vakolatli organ, O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Maxsus elektron savdo platformalari reyestrini shakllantirish va yuritish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanishi belgilandi.