logo
connect
Oʼzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi
FAQ

Yangiliklar

foto

Agentlik delegatsiyasi BMTTDning “Sug‘urta va xatarlarni moliyalashtirish mexanizmini tatbiq etish” mavzusidagi seminarida ishtirok etmoqda

18.07.2024
1495

2024-yil 18-19-iyul kunlari Istiqbolli loyihalar milliy agentligi delegatsiyasi Jakarta shahrida (Indoneziya) “Sug‘urta va xatarlarni moliyalashtirish mexanizmini tatbiq etish” mavzusidagi seminarda ishtirok etmoqda.

Tadbir BMTTD O‘zbekistondagi mintaqaviy vakolatxonasi tomonidan 11 davlat – Bangladesh, Jazoir, Vyetnam, Misr, Hindiston, Indoneziya, Iordaniya, Nepal, Pokiston, Tailand va O‘zbekistonning tartibga soluvchi organlari vakillari uchun tashkil etildi.

Seminar ishtirokchilariga tabiiy ofatlarni boshqarishning uch bosqichida (tabiiy ofatdan oldin, paytida va undan keyin) ko‘p tomonlama muvofiqlashtirish vositasi sifatida klaster tizimi haqida ma’lumotlar berildi.

Shu bilan birga, Indoneziyaning tabiiy ofatlarni boshqarish milliy agentligi (Badan Nasional Penanggulan Bencana) faoliyati misolida tabiiy ofatlar xavfi indeksini (xavf falokatga aylanganda dastlabki shartlarni baholash uchun foydalaniladigan tizim) joriy etish bo‘yicha tajribasi taqdim etildi.

Seminar iqlim va tabiiy ofatlar bilan bog‘liq xatarlarni moliyalashtirishning yaxlit tizimi hamda qishloq xo‘jaligi faoliyati sohasida tajriba va innovatsion modellar almashish uchun samarali platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.

Seminar doirasida Agentlik va Indoneziya moliyaviy xizmatlar boshqarmasi (OJK) vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, unda yashil va islom moliyasining turli jihatlarini joriy etish masalasi muhokama qilindi.

O‘zbekistonda islom moliyasi tamoyillarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan qadamlarni hisobga olgan holda Indoneziya tartibga soluvchi organi vakillari “suquq” islom qimmatli qog‘ozlari sohasida o‘quv seminarlarini o‘tkazishda yordam berishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.