Yopish
dark/lightmode
special-mode
NAPP

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.

Nima bilan shug‘ullanamiz arrow-right

Yangiliklar

Barqaror tokenlar aylanmasini tartibga solishning maxsus huquqiy rejimini taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritildi

23.07.2026
70

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qo‘shma qarori bilan “Barqaror tokenlar aylanmasini tartibga solishning maxsus huquqiy rejimini taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizom”ga (keyingi o‘rinlarda – Nizom (ro‘yxat raqami 3818-1, 22.07.2026 y.) o‘zgartirishlar kiritildi.

Kiritilgan o‘zgartirishlar barqaror tokenlar chiqarilishini ta’minlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish, ularning ishonchliligini oshirish hamda raqamli moliya sohasida innovatsion yechimlarni joriy etish uchun huquqiy bazani mustahkamlashga qaratilgan.

Xususan, endilikda barqaror tokenlarni chiqarishda ta’minot sifatida nafaqat milliy va (yoki) xorijiy valyutadagi mablag‘lar, balki O‘zbekiston Respublikasining davlat qimmatli qog‘ozlaridan ham foydalanish mumkin.

Shu munosabat bilan Nizomda barqaror tokenlarning ta’minotiga qo‘yiladigan talablar takomillashtirildi. Jumladan, davlat qimmatli qog‘ozlarini ta’minot sifatida kiritish, ularni Markaziy bank foydasiga bloklash hamda blokdan chiqarish tartibi aniq belgilandi. Bunda davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha daromad olish huquqi emitentda saqlanib qoladi.

Shuningdek, muomaladagi barqaror tokenlarning umumiy nominal qiymati alohida hisobvaraqdagi mablag‘lar hamda Markaziy bank foydasiga bloklangan davlat qimmatli qog‘ozlarining nominal qiymatidan kam ta’minlanmasligi belgilandi.

Nizomga muvofiq, barqaror tokenlar ta’minotini shakllantirishda kredit mablag‘lari, garovga olingan aktivlar yoki boshqa jalb qilingan mablag‘lardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mazkur o‘zgartirishlar barqaror tokenlarni chiqarish va ular aylanmasini tashkil etishda moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, ishtirokchilar hamda foydalanuvchilar manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, raqamli aktivlar bozorining barqaror rivojlanishi uchun yanada mustahkam huquqiy asos yaratadi.