Yangiliklar
AXBOROTI
O‘zbekiston Respublikasida kripto-aktivlar aylanmasi sohasining normativ-huquqiy va institutsional bazasini takomillashtirish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni va kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3832-son qaroriga binoan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyat turlari etib, aynan: mayning va kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari (bundan buyon matnda xizmat provayderlari yuritiladi) belgilangan.
Xizmatlar provayderlari qatoriga faoliyati litsenziyalanadigan va jismoniy yoki yuridik shaxslarga, shu jumladan ularning nomidan kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash, saqlash, chiqarish, joylashtirish va boshqarish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadigan kripto-birjalar, mayning-pul, kripto-depozitariylar va kripto-do‘konlar kiritilgan.
Shuningdek, yuqorida keltirilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan 2023 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslari kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash bo‘yicha operatsiyalarni faqat milliy provayderlar orqali qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirishlari mumkinligi belgilab o‘tilgan.
Shu bilan birga, mazkur norma O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslariga 2023 yil 1 yanvar kuniga qadar xorijiy elektron platformalarda kripto-aktivlarni sotib olish, sotish, ayirboshlash va (yoki) saqlash bilan bog‘liq savdolarni amalga oshirish huquqini berishini nazarda tutmasligini ta’kidlash joiz.
Kripto-birja savdolarini amalga oshirish qoidalariga (22.01.2019 y., ro‘yxat raqami 3127-son) bilan O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari kripto-birjalarda:
kripto-birja (O‘zbekiston Respublikasida kripto-birja faoliyatini amalga oshirish uchun o‘rnatilgan tartibda litsenziya olgan)larda kripto-aktivlar bilan kripto-birja savdolarining barcha turlarini milliy valyutada;
O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari bilan faqatgina kripto-aktivlarni sotishga doir operatsiyalarni xorijiy valyutada amalga oshirish huquqiga egaligi keltirilganligini eslatib o‘tamiz.
Internet tarmog‘idagi axborot resurslarini monitoring qilish jarayonida bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga kripto-aktivlar bilan savdolarni amalga oshirish va (yoki) ayirboshlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi, mamlakat hududida xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish uchun tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan turli elektron platformalar faolligi oshib borayotgani aniqlandi.
Mazkur platformalar kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash bilan bog‘liq xizmatlarni taklif etib, O‘zbekiston Respublikasi hududida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda serverlarini o‘rnatilishini ko‘zda tutmagan holda fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini so‘rab olmoqdalar.
Shu bilan birga, ular kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish uchun hech qanday yuridik javobgarlikni o‘z zimmalariga olmaydilar, tranzaksiyalarning qonuniyligini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini to‘g‘ri saqlanishi va maxfiyligini kafolatlay olmaydilar.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga muvofiq xizmatlar provayderlari litsenziyasiga ega bo‘lmagan elektron platformalar (kripto-birjalar va elektron ayirboshlash maydonchalari)dan foydalanish belgilangan tartibda cheklandi.
Agentlik fuqarolardan imkon qadar hushyor bo‘lishlariga, O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat yuritish uchun o‘rnatilgan tartibda litsenziyaga ega bo‘lmagan elektron platformalar xizmatlaridan foydalanmaslikka va ehtiyot choralarini ko‘rishlariga, shu jumladan, shaxsiy ma’lumotlarni sizib chiqishi natijasida ma’lumotlarning firibgarlar tomonidan foydalanishga olib kelishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiradi.
Agar Sizda O‘zbekiston Respublikasi hududida kripto-aktivlarni ishlatgan holda shubhali sxemalar asosida ish yuritayotgan u yoki bu shaxslarning faoliyati to‘g‘risida biron bir ma’lumotga ega bo‘lsangiz, Sizdan qonunda belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiuvchi organlarga xabar berishingizni so‘raymiz.
Shuningdek, kripto-aktivlar bilan bog‘liq savdolarini amalga oshirayotgan yoki xizmatlarni tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan holda yoki noqonuniy maqsadlarda, firibgarlik uchun taklif etayotgan kompaniyalar haqida ma’lumotga ega bo‘lsangiz, Sizdan tegishli ma’lumotlarni fraud@napm.uz elektron manziliga yuborishingizni so‘raymiz.