Yangiliklar
Aksionerlarninf huquq va manfaatlari himoyasida
Kapital bozorini yanada rivojlantirish, uning infratuzilmasini takomillashtirish, investorlarni kapital bozoriga jalb etishni rag‘batlantirish, chet el investorlari uchun mahalliy fond bozorida qatnashish tartibini soddalashtirish va investorlarning huquqlarini himoya qilish maqsadida Respublikamizda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirib kelinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 2 sentabrdagi “Kapital bozorini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-291-son qaroriga asosan Istiqbolli loyihalar milliy agentligi kapital bozori sohasida tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi.
Davlatimiz rahbarining mazkur qarori bilan soliq imtiyozlari, minoritar aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish va institutsional islohotlarni amalga oshirish, bozor ishtirokchilari uchun ortiqcha talablarni olib tashlashni va kapital bozorini rivojlantirishning 2023-2025-yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Ushbu yo‘l xaritasiga muvofiq, minoritar aksiyadorlar huquqlarini himoya qilinishini ta’minlash maqsadida Agentlik tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 2023 yilning so‘nggi uch oyi davomida dividend pul mablag‘larini undirish masalasida amaliy yordam so‘rab qilingan 139 ta murojaat Agentlik xodimlari tomonidan sinchkovlik bilan o‘rganib chiqildi. Ushbu murojaatlar Agentlik tomonidan nazoratga olinib, har bir holat bo‘yicha aksiyadorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ta’minlanib, Agentlikning bevosita ishtirokida jismoniy va yuridik shaxslar foydasiga aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan jami 1 mlrd 197 mln so‘mdan ziyod dividend pul mablag‘larini to‘lab berish ta’minlandi. Bu bilan murojaatchilarning uzoq vaqt mobaynida o‘z yechimini topa olmagan dividend masalasidagi muammolari ijobiy hal etildi.
2023 yilning so‘nggi 3 oyi davomida Agentlik tomonidan
7 trln 905 mlrd so‘mlik aksiyalar va 65 mlrd so‘mlik obligatsiyalar chiqariluvi o‘rnatilgan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 13 apreldagi PF-6207-son farmoni, 2022 yil 22 avgustdagi PQ-357-son qarori va 2023 yil 24 martdagi PQ-102-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida qo‘yidagilar amalga oshirildi:
– “O‘zbektelekom” AJ ustav kapitali 6,4 mlrd so‘mga oshirildi va ushbu aksiyalar 6 000 dan 10 000 so‘mgacha diapazon oralig‘ida sotuvga chiqarilib, buning natijasida 33 mlrd so‘mga yaqin investitsiya jalb qilindi;
– “O‘zbekinvest” EISK AJ ustav kapitali 14 mlrd so‘mga ko‘payishi munosabati bilan aksiyalar chiqariluvi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, xalq IPO sini amalga oshirish maqsadida mahalliy fond bozoriga chiqarildi.
Bulardan tashqari, minoritar aksiyadorlar va investorlarning huquqlarini himoya qilish maqsadida, davlat ulushiga ega jamiyatlar sof foydasining kamida 30 foizi dividend to‘lashga yo‘naltirilishi, ya’ni aksiyadorlarga to‘lanishi kerak bo‘lgan dividendlarning pastki chegarasi belgilab qo‘yildi.
Yuqorida keltirib o‘tilgan ishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat aksiya paketlarini kapital bozori orqali xususiylashtirish amaliyotini kengaytirish, aholining qimmatli qog‘ozlarga investitsiya kiritishini rag‘batlantirish va moliya bozorida sog‘lom raqobat muhitini yaratish hamda minoritar aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish sohasidagi qarorlari ijrosi yo‘lida qo‘yilgan muhim qadam bo‘ldi.