Yangiliklar
Agentlikning "КорпИнфо" ma’lumotiga doir rasmiy munosabati
2024 yil 20 yanvarda “КорпИнфо” telegram-kanalida (5488 obunachi) “Mulkdor va tartibga soluvchi vazifalarining ajratilganligi prinsipini qo‘llash” nomli material e’lon qilindi. Unda muallif Istiqbolli loyihalar milliy agentligining (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb yuritiladi) “Fond bozorining axborot resurs markazi” DUK ga nisbatan funksiyalarining qonuniyligi mavzusini ko‘targan.
Xususan, muallif O‘zbekiston Respublikasining “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi Qonunining 12-moddasini keltirib o‘tadi, unga ko‘ra davlat ishtirokidagi korxonalarga nisbatan bir vaqtning o‘zida ham mulkdorning, ham tartibga soluvchining vazifalarini bajarishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shunigdek, muallif “Fond bozorining axborot resurs markazi” DUK ga "mos keluvchi" harakat variantlarini ovoz berish orqali tanlash uchun kanal auditoriyasiga havola etadi.
Agentlik ushbu materialni dezinformativ deb hisoblaydi.
Avvalambor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 2 sentabrdagi “Kapital bozorini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-291-son qaroriga asosan kapital bozorini, shu jumladan qimmatli qog‘ozlar savdosining tashkilotchilari va Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi faoliyatini tartibga solish, korporativ boshqaruvni rivojlantirish, shuningdek, sug‘urta tashkilotlari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish bo‘yicha funksiya va vakolatlari Agentlikka o‘tkazilib, Agentlik ushbu sohalarda tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi.
Bundan tashqari, mazkur Qarorga muvofiq, Agentlik ayni paytda “Fond bozorining axborot resurs markazi” DUK ning yagona ishtirokchisi hisoblanadi.
Shu bilan birga, maqsadi qimmatli qog‘ozlar bozori sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat bo‘lgan “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida qimmatli qog‘ozlar bozori ishtirokchilari – qimmatli qog‘ozlarning emitentlari, qimmatli qog‘ozlarning egalari, investorlar, qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilari, shuningdek birjalar (litsenziyalanuvchi faoliyat turi) va qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi hamda qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilari – qimmatli qog‘ozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshiruvchi (qimmatli qog‘ozlarni chiqarish, joylashtirish va ularning muomalasi bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha litsenziyalanadigan yoki vakolatli organni xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat turi) yuridik shaxs deb belgilangan.
Shuni ta’kidlash joizki, “Fond bozorining axborot resurs markazi” DUK faoliyati yuqorida ko‘rsatilgan ta’riflarning birortasiga ham to‘g‘ri kelmaydi, litsenziyalanadigan faoliyat turiga kirmaydi va qimmatli qog‘ozlar bozori sohadasigi vakolatli organ tomonidan tartibga solinmaydi..
Shunday qilib, Agentlik va “Fond bozorining axborot resurs markazi” DUK o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvi belgilari mavjud emas, va bunda “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunning 12-moddasini qo‘llash noo‘rin.
Shu munosabat bilan, Agentlik mazkur materialni dezinformativ, jamoatchilikka noto‘g‘ri ma’lumot beruvchi deb hisoblaydi va “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 34-moddasiga muvofiq raddiya e’lon qilingan holda o‘chirib tashlanishi lozim deb hisoblaydi.