O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.

Toshkent shahrida Jahon banki hamda O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) hamkorligida «Elevate Global Access Through E-commerce (E-GATE): Global Exchange and Regional Integration in West Africa and Central Asia» mavzusida ikkinchi yopiq yuqori darajadagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, ekspertlar hamjamiyati, shuningdek, Markaziy Osiyo va dunyoning boshqa mamlakatlaridagi yetakchi kompaniyalar vakillari ishtirok etdi. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak kirish so‘zida O‘zbekistonda elektron tijorat sohasi jadal sur’atlarda rivojlanayotganini ta’kidlab, uning iqtisodiyot va zamonaviy ijtimoiy jarayonlarni transformatsiya qilishdagi muhim o‘rniga alohida to‘xtaldi. Shuningdek, elektron tijoratning rivojlanishi biznes uchun yangi imkoniyatlarni yaratishi, yangi ish o‘rinlarini tashkil etishi, tovar va xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishi hamda mamlakat iqtisodiy o‘sishini rag‘batlantirishi qayd etildi.

Davra suhbati doirasida Agentlikning elektron tijoratni rivojlantirish va tartibga solish boshqarmasi boshlig‘i Kamronbek Muhammadiyev O‘zbekistonda elektron tijorat sohasining joriy holati va istiqbollariga bag‘ishlangan ma’ruza bilan ishtirok etdi. Taqdimot davomida sohani yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, normativ-huquqiy bazada kutilayotgan o‘zgarishlar hamda bozorning barqaror rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar elektron tijorat sohasini rivojlantirishning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashib, mavjud chaqiriqlar hamda O‘zbekistonda elektron tijorat ekotizimini yanada mustahkamlashga qaratilgan hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
