Yopish
dark/lightmode
special-mode
NAPP

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.

Nima bilan shug‘ullanamiz arrow-right

Yangiliklar

Tokenizatsiya va steyblkoinlar masalalari Silk Road Finance & Technology Forum doirasida muhokama qilindi

25.08.2026
39

Toshkent shahrida Silk Road Finance & Technology Forum xalqaro forumi bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur xalqaro maydon moliya sektori vakillari, texnologik kompaniyalar, tartibga soluvchi organlar hamda ekspertlarni bir joyga jamlab, moliyaviy tizim va raqamli texnologiyalarning kelajagini muhokama qilish imkonini bermoqda.

Forumning asosiy mavzularidan biri raqamli aktivlar, tokenizatsiya va steyblkoinlar bo‘ldi. «The Frontier, Continued: Tokenization & Stablecoins» sessiyasi doirasida ishtirokchilar xususiy steyblkoinlar, markaziy banklarning raqamli valyutalari va tokenizatsiya qilingan aktivlarni rivojlantirish, shuningdek, ularning transchegaraviy to‘lovlar, savdo va hisob-kitoblarga ehtimoliy ta’sirini muhokama qildilar.

Markaziy Osiyo mamlakatlari raqamli aktivlarni tartibga solishga yondashuvlarni shakllantirishda hal qilishi lozim bo‘lgan masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, qaysi vositalardan foydalanishga ruxsat berish maqsadga muvofiqligi, qanday raqamli yechimlarni rivojlantirish va ularni an’anaviy moliyaviy tizim bilan qanday integratsiya qilish masalalari muhokama qilindi.

Muhokamalarda O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (Agentlik) direktorining birinchi o‘rinbosari V.Pak ishtirok etdi.

Sessiyada so‘zga chiqqan V.Pak raqamli aktivlarni samarali tartibga solish ularning negizida yotuvchi texnologiyalar va ularning real aktivlar bilan o‘zaro ta’sir mexanizmlarini chuqur tushunishsiz imkonsiz ekanini ta’kidladi.

«Blokcheyn – bu faqat texnologiya. Eng muhimi – ushbu texnologiyadan aynan qanday foydalanayotganimizni, unga qanday qiymat yuklayotganimizni va uning real aktivlar bilan qanday bog‘liqligini tushunishdir. Texnologiyani tushunib olganimizdan so‘ng, uni tartibga solish ancha osonlashadi», – dedi V.Pak.

V.Pak, shuningdek, qimmatli qog‘ozlarni tokenizatsiya qilish istiqbollariga alohida to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, tokenizatsiya qilingan aksiyalar va obligatsiyalarni chiqarish nafaqat texnologik yechimni, balki bunday aktivlar egalarining huquqlarini to‘liq himoya qilishni ta’minlaydigan aniq huquqiy mexanizmni ham talab etadi.

Xususan, mulk huquqlarini hisobga olish va tasdiqlash, hisob-kitoblarni amalga oshirish, shuningdek, aksiyadorlarning, jumladan, ovoz berish va korporativ boshqaruvda ishtirok etish huquqlarini amalga oshirish masalalari nazarda tutilmoqda.

Agentlikning Silk Road Finance & Technology Forumdagi ishtiroki xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish va ilg‘or tajribalar almashinuvini rivojlantirishga qaratilgan.