Yangiliklar
“Takaful” sug‘urta tizimiga umumiy nuqtai nazar va uni O‘zbekiston Respublikasida joriy etish bo‘yicha tavsiyalar” mavzusida davra suhbati
Bugun Toshkentda O‘zbekiston Respublikasida “Takaful” sug‘urta tizimini joriy etish imkoniyatlarining tahliliy tadqiqotini taqdim etishga bag‘ishlangan “Takaful sug‘urtasi tizimini tahlil qilish va uni O‘zbekiston Respublikasida joriy etish bo‘yicha tavsiyalar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad sug‘urta bozorini tartibga soluvchi organ, ilmiy doiralar va soha vakillari kabi manfaatdor tomonlar o‘rtasida muloqotni rivojlantirish, O‘zbekistonda “Takaful” sug‘urta tizimini joriy etish bo‘yicha istiqbollarni muhokama qilish va takliflar ishlab chiqishdan iborat.
“Joriy yilning 1 martida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishning kompleks chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, unga ko‘ra Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga takaful tamoyillari va mahsulotlarini bosqichma-bosqich joriy etish borasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga takliflar kiritish topshirilgan edi.
Mazkur topshiriqni bajarish maqsadida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi hamkorlar bilan birga, xususan Birlashgan millatlar tashkilotini rivojlanish dasturi bilan birgalikda, xuquqiy tartibga solishni, nazorat qilishni islom sug‘urtasi talablariga binoan olib borish yuzasidan o‘rganishlar olib bormoqda, – dedi o‘z nutqida O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori o‘rinbosari Davron Maqsudov.
Davra suhbatida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, Islom taraqqiyot banki, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekiston musulmonlari diniy boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va boshqa tashkilot vakillari, jami 40 ga yaqin mutaxassislar ishtirok etdi.
Tadbirda BMTTD milliy maslahatchisi tomonidan Istiqbolli loyihalar milliy agentligi mutaxassisi bilan hamkorlikda tayyorlangan “O‘zbekiston Respublikasida islom sug‘urta tizimini qurish to‘g‘risida”gi tahliliy ma’ruza taqdim etildi. Ushbu ma’ruzada “Takaful”ning jahon sug‘urta bozoridagi holati va istiqbollari hamda uni O‘zbekiston sug‘urta bozorining yangi yo‘nalishi sifatida joriy etish imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi.