logo
connect
Oʼzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi
FAQ

Yangiliklar

foto

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi sug‘urta tariflarini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan takliflarni qabul qilmoqda

27.05.2024
3568

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha 2019 yilda tasdiqlangan sug‘urta tarifi miqdorini qayta ko‘rib chiqish ishlari olib borilmoqda.

Sug‘urta tarifi miqdorini qayta ko‘rib chiqishga bir qator omillar sabab bo‘lmoqda.

So‘ngi yillarda sug‘urta tashkilotlari tomonidan sug‘urta tovonlarini o‘z vaqtida to‘lanmayotganligi hamda to‘lanishi mumkin bo‘lgan maksimal miqdor avtotransportga yetkazilgan zararlarni qoplashga yetarli bo‘lmayotganligi bo‘yicha transport vositalari egalarining murojaatlari soni ortib bormoqda.

Tahlillarga asosan 2019 yilda tasdiqlangan 56 ming so‘mlik sug‘urta mukofoti miqdori sug‘urta tashkilotlari uchun zararlarni qoplashga yetarli bo‘lmagani sababli turli xil yo‘llar bilan to‘lovlar kechiktirib kelinmoqda.

Ma’lumot uchun: 2023 yilda Toshkent shaxrida zararlilik darajasi 146 foizni tashkil etgan.

Shuningdek, 2019 yildan boshlab barqaror belgilangan 40 mln. so‘m sug‘urta summasi yo‘l-transport hodisalarida jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararlar bo‘yicha xarajatlarini yetarli darajada qoplashga imkon bermay qoldi.

Jaxon bankining statistikasiga asosan, O‘zbekistonda iste’mol narxi indeksi oxirgi 5 yil davomida 160 foizga oshgan, bundan tashqari mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori o‘sishi 265 foizni tashkil etgan, bazaviy hisoblash miqdori esa 168 foiz o‘sish dinamikasini ko‘rsatgan.

Shu bilan bir qatorda, respublikamizda belgilangan sug‘urta puli va sug‘urta mukofoti xozirda yaqin qo‘shni davlatlar hamda chet el davlatlar bilan solishtirganda eng kam ko‘rsatkichni tashkil etadi.

Mazkur muammoni yechimi sifatida asosli hisob-kitoblar natijasida, ya’ni transport vositalari egalari va sug‘urta tashkilotlari uchun maqbul sug‘urta tariflari va sug‘urta summasini belgilash rejalashtirilmoqda.

Yangi sug‘urta tariflari va sug‘urta summasini belgilash yuzasidan taklif va mulohazalaringizni Napp_connect_bot Telegram-botiga yuborishingizni so‘raymiz.