Menu
dark/lightmode
special-mode
NAPP

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.

Nima bilan shug‘ullanamiz arrow-right

Yangiliklar

Elektron tijorat sohasidagi normativ-huquqiy baza takomillashtirilmoqda

14.09.2026
36

Elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish maqsadida 2026 yil 10 sentabrda O‘RQ-1173-sonli “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga elektron tijorat sohasini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. Mazkur Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga asosan O‘zbekiston Respublikasi rezidentlariga elektron shakldagi xizmatlarni ko‘rsatuvchi yoki elektron savdo platformalari orqali tovarlarni realizatsiya qiluvchi chet el yuridik shaxslariga soliq solish ma’murchiligi takomillashtirilmoqda. Xususan:

  • elektron savdo platformalari orqali jismoniy shaxslarga tovarlar realizatsiya qilinganda, xaridorning yashash joyi va tovarlarni yetkazib berish joyi O‘zbekiston Respublikasi bo‘lsa, tovarlarni realizatsiya qilish joyi O‘zbekiston Respublikasi deb e’tirof etiladi;
  • bevosita jismoniy shaxslar bilan hisob-kitoblarda ishtirok etadigan vositachilar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining elektron savdo platformalari operatorlari soliq agentlari deb e’tirof etiladi;
  • hisobga qo‘yish (hisobdan chiqarish) to‘g‘risidagi ariza soliq organiga faoliyat boshlangan (tugatilgan) kundan e’tiboran o‘ttiz kalendar kundan kechiktirmay beriladi;
  • soliq hisoboti soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali elektron shaklda taqdim etiladi;
  • chet el yuridik shaxslariga qog‘ozda yoki telekommunikatsiya kanallari orqali elektron shaklda jo‘natilgan hujjatlar jo‘natilganidan so‘ng o‘ttiz kundan keyin olingan deb hisoblanadi.

“Elektron tijorat to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar quyidagilarni nazarda tutadi:

  • tushunchalar tizimi yangilanib, “buyurtmalar agregatori”, “buyurtmalar agregatori operatori”, “raqamli striming xizmati”, “raqamli striming xizmati operatori” kabi yangi tushuncha va atamalar kiritilishi;
  • elektron savdo platformasi, buyurtmalar agregatori va raqamli striming xizmati operatorlarining huquq va majburiyatlari belgilanishi, shu jumladan sotuvchilarning litsenziya va ruxsat etish hujjatlarini tekshirish, shaxsga doir ma’lumotlar konfidensialligi hamda axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash;
  • iste’molchilar huquqlarini himoya qilish – shartnoma bo‘yicha majburiyatlar bajarilishi va sifatsiz tovar yetkazib berilishi uchun asosiy javobgarlikni sotuvchiga yuklatishi, sotuvchi xaridorning qonuniy talablarini qanoatlantira olmagan taqdirda esa elektron tijorat operatori subsidiar javobgar bo‘lishi;
  • “eskrou” xizmati ko‘rsatilayotganda, sotuvchi mablag‘larni qaytarishni rad etsa, elektron tijorat operatori mablag‘larni xaridorga mustaqil ravishda qaytarish huquqiga ega bo‘lishi;
  • to‘lovlarni amalga oshirish qoidalari – elektron tijorat doirasidagi hisob-kitoblar alohida bank hisobvaraqlari (yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun – elektron hamyonlar) orqali amalga oshirilishini nazarda tutish;
  • transchegaraviy elektron tijorat tushunchasi joriy etilishi, uning tartib-taomillari Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi;
  • raqamli mahsulotlar eksporti va importining o‘ziga xos xususiyatlari – raqamli distributsiya usullari bilan eksport yoki import qilinayotgan raqamli mahsulotlarga bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshirilmasligi, xorijiy elektron savdo platformalari orqali eksport qilinganda xorijiy valyutadagi tushum platforma xizmatlari qiymati chegirib tashlangan holda eksport qiluvchining hisobiga kelib tushishini nazarda tutish.

Ushbu Qonunning qabul qilinishi quyidagilarga xizmat qiladi:

raqamli iqtisodiyot va elektron savdo platformalarini (servislarini) yanada rivojlantirish;

elektron tijoratning shaffof va ochiq ekotizimini yaratish;

raqobat muhitini yaratish va yangi soliq tushumlarini ta’minlash;

raqamli mahsulotlar (xizmatlar) xaridorlarining huquqlarini himoya qilish;

eksport imkoniyatlarini kengaytirish va milliy mahsulotlarni ilgari surish, shuningdek, valyuta tushumini ko‘paytirish.